Viloyat hokimi qorbobo kiyimida sovg‘a tarqatdi
Prezidentimizning 2021 yil 21 dekabrdagi “Aholining kam ta’minlangan qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning turmush darajasini yanada yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Yurtimizda inson qadri har narsadan ustun ekanligini namoyon etuvchi ushbu qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Sirdaryoda viloyati hokimi boshchiligida sektor rahbarlari, mutasaddi tashkilotlar mas’ullari hamda deputatlardan iborat ishchi guruhi tuzildi. Ular “Temir daftar” ro‘yxatida turuvchi oilalarga, shuningdek, 18 yoshga to‘lmagan farzandlari bor, boquvchisini yo‘qotganlik hamda 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun nogironlik nafaqasini oluvchi oilalarga 800 ming so‘mdan bir martalik moddiy yordam pullarini tarqatmoqda. Qolaversa, aholining qarorda belgilangan qatlami xonadonlariga pul mablag‘lari bilan birga oziq-ovqat mahsulotlari, Yangi yil sovg‘alari hamda Prezidentimizning bayram tabriklari yetkazilmoqda.
26 dekabr kuni erta tongdan viloyat hokimi, senator G‘ofurjon Mirzayev, sektor rahbarlari, nuroniylar va keng jamoatchilik vakillari hamrohligida boquvchisini yo‘qotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga Yurtboshimiz tabrigi va sovg‘alarini yetkazish maqsadida Guliston shahrining “Ulug‘obod” mahallasida istiqomat qilayotgan ehtiyojmand oilalar xonadonida bo‘ldi.

Dastlab G‘ofurjon Mirzayev mahallaning “Parrandachilik” ko‘chasi 8-xonadonda yashovchi, 2-guruh nogironi farzandi bo‘lgan Lutfiya Solihova xonadoniga tashrif buyurdi. Viloyat hokimi 9 yoshli Sarvar Jo‘rayevni Yangi yil bayrami bilan muborakbod etib, Prezident tabrigini o‘qib eshittirdi va bayram sovg‘alarini topshirdi. So‘ngra viloyat rahbari ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan Jamila Ahmedova, 11-sinf o‘quvchisi, chin yetim Davron Rustamov, 2-guruh nogironi farzandi bo‘lgan Burobiya Husanova, boquvchisini yo‘qotgan, 3 nafar voyaga yetmagan qiz farzandlari bor Holida Rahmonovalarning xonadonlarida bo‘lib, ularga ham Prezident tabrigini o‘qib eshittirdi hamda 800 ming so‘mlik moddiy yordam puli va bayram sovg‘alarini ulashdi.
– Uch nafar farzandlarimning to‘ng‘ichi Sarvarbek 2-guruh nogironi, tomog‘ida o‘simtasi bor. Uch yoshidan buyon yiliga ikki marotabadan operatsiya qildiraman. Bolajonim shu kungacha o‘n marta jarrohlik amalyotini boshidan o‘tkazdi. Hukumatimizdan minnatdorman. Har safar operatsiya xarajatlarini to‘lab beradi. Viloyatimiz hokimining qorbobo libosida kutilmagan tashrifidan farzandalarim ham, men ham juda xursand bo‘ldik. Ayniqsa, o‘g‘lim Sarvarbekning quvonchini so‘z bilan ta’riflab berolmayman, – deydi ko‘zlarida yosh bilan Lutfiya Solihova.– Ijtimoiy himoyaga muhtoj, ko‘ngli o‘ksik farzandlarimga hukumatimiz, Prezidentimiz tomonidan qilinayotgan e’tibordan mamnun bo‘lib yashayapmiz. Inson qadri har narsadan ustun qo‘yiladigan yurt fuqarosi ekanligimdan fahrlanaman.
Aholining kam ta’minlangan qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga oid tadbirlar viloyatning barcha hududlarida davom etmoqda.

Shuhrat Suyarov, O‘zA