Viloyat hokimi o‘quvchilar bilan muloqot o‘tkazdi
Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov yangi o‘quv yilining birinchi kunida Andijon shahridagi 13-umumta’lim maktabida bo‘lib, 11-sinf o‘quvchilari bilan muloqot o‘tkazdi.
Uchrashuvda viloyat rahbari o‘quvchilarni yangi o‘quv yili bilan muborakbod etib, mamlakatimizda yoshlarning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashi, xorijiy tillarni o‘rganishi, o‘z iqtidor va salohiyatlarini yuzaga chiqarishlari uchun yaratib berilayotgan keng imkoniyatlar haqida gapirdi. Jumladan, bu borada Andijonda ham e’tiborga molik ishlar olib borilayotganligini alohida ta’kidladi.


Viloyat hokimi bitiruvchilarning kelajakdagi orzu-maqsadlari, qiziqishlari, kasb tanlash borasidagi rejalari bilan qiziqdi, shuningdek, ularning taklif va tashabbuslarini tingladi. Ochiq, mazmunli va qizg‘in ruhda o‘tgan uchrashuvda o‘quvchilar taklif va tashabbuslarini bildirdi, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldi.
Hokim bitiruvchi yoshlarning ta’lim sharoitlarini yanada yaxshilash, loyiha va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.


Uchrashuv yakunida viloyat hokimi bitiruvchilarning kelgusi ishlarida muvaffaqiyatlar tiladi va yaratib berilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanishga chaqirdi.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri