Viloyat hokimi kubogi munosibga topshirildi
O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Namangan viloyati kengashi tomonidan yozgi Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan “Pnevmatik quroldan o‘q otish” bo‘yicha Namangan viloyati hokimi kubogi uchun viloyat birinchiligi final musobaqasi o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari tashkil etilganining 30 yilligi oldidan
Namangan shahar o‘quv sport texnika klubiga qarashli o‘q otish majmuasida o‘tkazilgan musobaqada tuman, shahar o‘quv sport texnika klublari (O‘STK), viloyat texnik va amaliy sport turlari markazidan jami 13 ta jamoa ishtirok etdi.
Merganlik bahslarida 164 nafar sportchi o‘z mahoratini sinovdan o‘tkazgan bo‘lsa, ularning 74 nafar qizlardir. Musobaqa davomida ikki nafar imkoniyati cheklangan qiz o‘z matonatini namoyon etdi. Bellashuvlar davomida eng yosh ishtirokchi sifatida 8 yoshli bo‘lajak sportchi ham o‘z omadini sinab ko‘rdi.
[gallery-4957]
Yakuniy natijalarga ko‘ra, viloyat texnik va amaliy sport turlari markazi jamoasi g‘olib bo‘lib, viloyat hokimining kubogini qo‘lga kiritdi. Namangan shahar O‘STK jamoasi faxrli 2-o‘rinni egalladi. Pop tumani O‘STK jamoasi esa shohsupaning uchinchi pog‘onasidan joy oldi.
Jamoalar kubok, diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Musobaqa davomida o‘z mahorati va jasoratini to‘laqonli ko‘rsata olib, faxrli birinchi o‘ringa sazovor bo‘lgan Namangan shahar jamoasi sportchisi Sarvinoz Habibullayevaga nogironlik aravachasi sovg‘a qilindi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA