Viloyat hokimi fuqarolar murojaatlarini o‘rgandi
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida viloyat hokimi Xayrullo Bozorovning fuqarolar bilan navbatdagi sayyor qabuli o‘tkazildi.
Qabulda viloyat prokurori B. Ismoilov, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i A. Ikromov, viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i M. Mamatxonov, viloyat hokimligi bo‘limlari, viloyat boshqarma va tashkilotlari, davlat va tijorat banklari rahbarlari ishtirok etdi.
[gallery-14412]
To‘qqiz soatdan ortiq vaqt davom etgan qabulda shahar va tumanlardan viloyat hokimining shaxsiy qabulini so‘rab murojaat qilgan 400 nafarga yaqin fuqaroning turli yo‘nalishdagi masalalari o‘rganildi. Jumladan, fuqarolardan uy-joy, bandlik, moddiy yordam, yashash sharoitini yaxshilash, tadbirkorlik faoliyatini qayta tiklash, tibbiy xizmatlar, xorijda jarrohlik amaliyotlari o‘tkazishga ko‘maklashish, bank krediti ajratish, kredit to‘lovlarida ko‘maklashish, subsidiyalar ajratish, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, gaz, elektr, suv ta’minoti kabi masalalarda murojaatlar kelib tushdi.
Qabul davomida murojaatlarning aksariyati o‘z yechimini topgan bo‘lsa, hal etilishi muddat talab etiladigan murojaatlar bo‘yicha mutasaddilarga qo‘shimcha o‘rganish yuzasidan topshiriq berilib, ijrosi qat’iy nazoratga olindi. Qonuniy jihatdan qanoatlantirish imkoniyati mavjud bo‘lmagan murojaatlar bo‘yicha tegishli tushuntirishlar berildi. Sud va huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga doir masalalar yechimi soha rahbarlari tomonidan nazoratga olindi.
Muqimjon QODIROV(surat),O‘zA