Viktor Orbanning O‘zbekistonga tashrifi – muhim voqea
Xalqaro ekspertlar fikri
Marton Krasnay, Matvey Korvin nomidagi Budapesht universiteti huzuridagi Markaziy Osiyoni o‘rganish markazi direktori:
– Vengriya hamkorlik qiladigan Osiyo mamlakatlari ichida O‘zbekiston alohida o‘rin egallaydi. Bizni mushtarak tarix va madaniyat birlashtiradi. O‘zbekiston pandemiya davrida birinchilardan bo‘lib Vengriyaga yordam qo‘lini cho‘zgan. O‘sha paytlarda jahon bozorida eng taqchil bo‘lgan tibbiy niqoblar yetkazib berganini mamnuniyat bilan eslaymiz.
Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonda iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. Buning natijasida mamlakatlarimiz ishbilarmon doiralari vakillari faol hamkorlik qilmoqda.
Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining 2017-2018 yillarda o‘tish jarayoni to‘g‘risidagi hisobotida qayd etilganidek, O‘zbekiston Yevropa va Markaziy Osiyoda islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha mintaqada yetakchi mamlakatga aylandi, eng ilg‘or davlatlar o‘ntaligiga kirdi.
Ishonchim komil, Vengriya va O‘zbekiston o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yanada jadallashtirish mumkin. Masalan, O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi tez rivojlanmoqda. Shundan kelib chiqib, Vengriya kompaniyalari suvni tejaydigan texnologiyalar borasida zamonaviy ishlanmalarni taklif etmoqda. Noyabr oyida barqaror rivojlanish bo‘yicha bo‘lib o‘tadigan “Budapesht sayyorasi” sammiti O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishiga ishonaman.
Pal Gene, Budapesht biznes maktabi dotsenti, Yevroosiyo va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha ekspert:
– O‘zbekiston – Budapeshtning Markaziy Osiyodagi, ayniqsa, Vengriya kuzatuvchi mamlakat sifatida ishtirok etayotgan Turkiy kengashdagi muhim sherigi hisoblanadi. O‘zbekiston bilan hamkorlik Vengriya uchun katta imkoniyatlar ochadi. Jumladan, farmatsevtika tarmog‘i mamlakatlarimiz uchun istiqbolli. Bundan tashqari, vengriyalik mutaxassislar O‘zbekiston atom elektr stansiyasi uchun xodimlarni o‘qitishda ishtirok etadi.
Tashrif chog‘ida Vengriya kompaniyalari o‘zbekistonlik sheriklariga 3 mingta bankomat taqdim etishi aytildi. Bu ikki mamlakat bank-moliya tuzilmalari o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishda amaliy qadamlardan biridir.