Viktor Orbanni mag‘lub etgan Peter Madyar kim? (+video)
“Bahor shamoli” Vengriyaning eng mashhur xalq qo‘shiqlaridan biri sanaladi. Tabiat uyg‘onishi, muhabbat va qayg‘u haqidagi bu oddiy qo‘shiqni maktab bayramlarida, dasturxon atrofida va rasmiy tadbirlarda ham eshitish mumkin. 40 yil oldin Budapeshtdagi to‘lib-toshgan stadionda Freddi Merkyuri bu qo‘shiqni kuylagan va bu konsert Vengriya tarixidagi eng mashhur voqealardan biriga aylangan edi.
“Bahor shamoli” qo‘shig‘i bugungi kunda yana Vengriya siyosiy hayotidagi ulkan o‘zgarishlarning ramziga aylandi. Oxirgi ikki yil davomida “Tisa” muxolifat partiyasi yetakchisi Peter Madyarning saylovoldi mitinglarida aynan shu qo‘shiq butun mamlakat bo‘ylab kuylandi.
Madyar tarafdorlari uni bulutlarni tarqatib yuboruvchi “bahor shamoli”ga qiyos qilishadi. Tanqidchilar esa uni yosh, tajribasiz populist sifatida ko‘rishadi.
Garchi, har ne deb atasalarda Madyarning “Tisa” partiyasi Orbanning “Fides”idan sezilarli ustunlikka erishdi. Orban mag‘lubiyatni tan olib, bir necha soat ichida raqibini tabrikladi.
Vengriyaliklar Madyarni yaxshi bilishsada, saylovlardagi g‘alabasidan keyin, butun Yevropa, qolaversa boshqa mamlakatlar ham uning shaxsiga qiziqib qolishdi.
Peter Madyar 1981-yil 16-martda Budapeshtda huquqshunoslar oilasida tug‘ilgan. Uning oilasi Vengriyaning ziyoli qatlamiga mansub edi. Bobosi Vengriya Oliy sudining sudyasi va mashhur teleboshlovchi bo‘lgan. Oilasida yuqori lavozimli huquqshunoslar ko‘p bo‘lgani uchun Peter ham huquq sohasini tanlaydi. U katolik maktabida o‘qib, keyin universitetda huquqni o‘rgangan. Shu yerda u kelajakdagi Vengriya bosh vaziri Viktor Orban bilan ilk bor uchrashgan.
Studentlik yillarida u do‘sti Gergey Gulyash bilan birga “Fides” partiyasiga qo‘shiladi. Keyinchalik Gulyash Orban hukumatida yuqori lavozimni egallaydi, ammo Madyar bilan munosabatlari uziladi.
2000-yillar o‘rtalarida Peter huquqshunos Yudit Varga bilan turmush qurib, keyin Bryusselga ko‘chib o‘tadi. Ular uch farzandli bo‘lishadi.
U uzoq vaqt Yevropa Ittifoqi bilan bog‘liq mayda idoralarda ishlaydi.
2023–2024-yillarda Vengriya siyosiy tizimida katta mojaro yuz beradi: bolalar uyidagi jinoyat ishi bo‘yicha afv qarori jamoatchilik g‘azabini qo‘zg‘atadi. Prezident va adliya vaziri shu voqea sabab iste’foga chiqadi.
Aynan shu paytda Peter Madyar ijtimoiy tarmoqlarda chiqish qilib, tizimni qattiq tanqid qiladi. U sobiq hukumat tizimi ichidagi insayder sifatida taniladi.
Uning ijtimoiy tarmoqlardagi katta intervyusi bir necha million marta ko‘riladi va uni milliy miqyosda mashhur qiladi. Qisqasi shu voqealardan keyin uning siyosiy faoliyati jadallashadi. Tez orada u “Tisa” partiyasi atrofida jamoa tuzadi.
U Vengriya bo‘ylab safar qilib, har kuni bir nechta miting o‘tkazadi. Uning kampaniyasi kutilmagan darajada omadli bo‘lib chiqadi.
Yevroparlament saylovlarida “Tisa” taxminan 30% ovoz olib, katta g‘alaba qozonadi. U uchrashuvlarda o‘zini korrupsiyaga qarshi kurashchi, islohotchi, milliy manfaatlarni himoya qiluvchi siyosatchi sifatida ko‘rsatadi. Biroq tanqidchilar uni haddan tashqari ambitsiyali, qattiqqo‘l va populist deb hisoblaydi.
Bugun Madyar Vengriya siyosatining markaziy figurasiga aylangan. U endilikda Vengriya tashqi siyosatini qayta ko‘rib chiqishi, Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarni yaxshilashi va Ukraina masalasida boshqacha pozitsiya olishi mumkinligi aytilmoqda. Xullas, uning ko‘tarilishi Vengriya siyosatidagi eng katta o‘zgarishlardan biri sifatida baholanmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/tDUgUBD3tZ4" title="Viktor Orbanni mag`lub etgan Peter Madyar kim?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedoa, O‘zA