VI Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlarida sportchilarimizning medallari 5 taga yetdi
Qirg‘izistonda VI Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlari qizg‘in davom etmoqda. O‘zbekiston sportchilari yuqori natijalarni qayd etib, medallar shodasini boyitdi.
Qirg‘iziston Respublikasining Issiqko‘l viloyatida o‘tkazilayotgan VI Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlarining kechagi dasturidan ko‘k-bo‘ru, ot ustida kurash, ko‘kpar, olish, kamondan otish, ot ustida kamondan otish, mas-restling, arqon tortish, bahodirlar o‘yinlari va sumo musobaqalari o‘rin oldi.
Unda terma jamoamiz a’zolari ham muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Jumladan, ot ustida kurash bahslarida Nodirbek Abdurashidov, mas-restling musobaqasida esa Charosxon Ermanova (+75 kg) hamda Lazizbek Abdurahmonov (+70 kg) sovrindorlar safidan joy oldi.
Hamyurtlarimiz musobaqalarda uchinchi o‘rinni egallab, O‘zbekiston delegatsiyasi hisobiga 3 ta bronza medalini qo‘shib qo‘ydi.
Shu tariqa, 2-sentabr kungi bahslar yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston delegatsiyasi hisobida 1 ta oltin va 4 ta bronza, jami 5 ta medal mavjud. O‘zbekiston medallar jadvalida 4-o‘rinni egallab turibdi.
VI Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlarida medallar uchun kurashlar davom etmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA