Olimlarning e’tirof etishicha, kasalliklarning 60 foizdan ko‘prog‘i hayvonlar bilan ishlash va ularning go‘shti, sutidan tayyorlanadigan turli oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilishdan paydo bo‘ladi.
Shu bois keyingi yillarda mamlakatimizda chorvachilik qatori veterinariya sohasini rivojlantirish, tashxis markazlari faoliyatini takomillashtirishga alohida e’tibor berilmoqda.
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan sohada izchil islohotlar boshlab yuborilgan, mutaxassislar ixtiyoriga yangi asbob-uskunalar, yangi binolaru avtomashinalar berilmoqda. Respublika hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazining binosi yangi qiyofaga kirdi, eng zamonaviy laboratoriya jihozlari o‘rnatildi. Mazkur Respublika tashxis markazining imkoniyatlari nechog‘lik ortgani koronavirusni tezkorlik bilan aniqlash borasidagi ilmiy izlanishlar jarayonida ham yaqqol namoyon bo‘ldi.
Mazkur markaz mutaxassislari karantin davrida Sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ullari, olimlar bilan hamkorlikda ishladi. Ayni paytda ham qo‘mita raisining bevosita yordami bilan bunyodkorlik ishlari davom etayotgan mazkur markazda faoliyat bir daqiqa bo‘lsa ham to‘xtagani yo‘q. Bu haqida markaz direktori, tashabbuskor veterinariya shifokori Bahriddin Tangyariqov quyidagilarni so‘zlab berdi.
– Avvalo, bizni doimo har tomonlama qo‘llab-quvvatlab turgan, pandemiyaga qaramasdan qurilish ishlariga katta mablag‘ ajratib bergan qo‘mita rahbarlari, ustozlar, barcha hamkasblarni yangi yil bayrami bilan samimiy tabriklayman. Yangi yilda chin dildan aytilgan ezgu niyat albatta ijobat bo‘ladi, deyishadi. Ilohim, koronavirus balosi yer yuzidan tezroq daf bo‘lsin, yurtimizdagi har bir xonadon, har bir oila 2021 yilda tinch va xotirjam yashasin Sohamizda yutuqlar ko‘payaversin, – deydi Bahriddin Tangyariqov. – Bilasiz, markazning asosiy vazifasi inson va hayvonlarga xos yuqumli kasalliklar laboratoriyasi ishini takomillashtirish, respublika bo‘yicha barcha tashxis markazlariga ilmiy-uslubiy rahbarlik qilish, shuningdek, aholi iste’moli uchun xavfsiz, sifatli chorva va qishloq xo‘jalik mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda aholini zooantroponoz kasalliklardan muhofaza qilish, xavfsizligini ta’minlashdan iborat. 2020 yil davomida tizimda juda katta o‘zgarishlar yuz berdi. Yangi zamonaviy asbob-uskunalar, laboratoriya jihozlari o‘rnatildi. Bu go‘sht va go‘sht mahsulotlari, sut va sut mahsulotlari tarkibidagi pestitsid va antibiotiklar qoldig‘ini tezda tekshirish imkonini beradi.
Bahriddin Tangyariqovning ta’kidlashicha, import qilinadigan va respublikada ishlab chiqariladigan mahsulotlar xavfsizligini ta’minlash borasida laboratoriya tekshiruvlarini texnik reglamentlar asosida olib borishga, pullik xizmatlar tushumini ko‘paytirishga hamda mutaxassislar malakasini oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Markaz mutaxassislari zamonaviy tezkor usullarda laboratoriya tekshiruvlarini olib borishi bo‘yicha ommaviy axborot vositalarida chiqishlar qilindi, jurnallarda maqolalar chop etildi. Shuningdek, markazning maxsus veb-sayti yaratildi hamda barcha yangiliklar VETCENTRE.UZ veb-saytiga joylashtirib borilmoqda.
AQSH Mudofaa vazirligi xavfni kamaytirish agentligining biologiya sohasida hamkorlik dasturi (PSOB) doirasida 2020 yil 27-31 yanvar kunlari “Laboratoriya kursi: “xalqaro ilg‘or tajriba” mavzusida o‘quv seminari tashkil etildi. Ayni paytda markaz mutaxassislari “immunoferment tahlili va polimeraza zanjir reaksiyasi” laboratoriyasida yovvoyi hayvonlar va uy hayvonlarida, chorvachilik tizimida uchraydigan yuqumli kasalliklarni tezda aniqlash uchun immunologik va molekulyar usullarni qo‘llamoqda. Bu murakkab, ammo juda zarur vazifadir.
– Gap xavfli kasalliklarni aniqlash ustida borar ekan, mutaxassislar salomatligini kafolatlash juda muhim. Shunga ko‘ra, laboratoriyada toza hududdan zararlangan hududga o‘tish oralig‘iga maxsus shlyuz tunnellarini o‘rnatdik. Mana shu xalqaro talablarga javob beradigan shlyuz moslamalari odamlarni zararlanishdan, jihozlaru asbob-uskunalarni ifloslanishdan, demakki, mikroorganizmlardan butkul himoya qiladi, – deydi Bahriddin Tangyariqov. – Hayvonlarga beriladigan ozuqa va ozuqabop qo‘shimchalar sifati va xavfsizligi bo‘yicha zamonaviy azoxromatografiyasi (GX), yuqori samarali suyuqlik xromatografiyasi (VJEX), polyarograf laboratoriya jihozlari ish samaradorligini yanada oshirmoqda. Ilgari bunday uskunalar bo‘lishini orzu ham qilolmasdik. Ehtiyoj sezilsa-da, mablag‘ topilmasdi. Endilikda esa oziq-ovqat xavfsizligi, mikrobiologiya va veterinariya-sanitariya ekspertiza laboratoriyasi Buyuk Britaniyaning “Randox Laboratories” kompaniyasiga qarashli so‘nggi rusumdagi zamonaviy immunnofermentli, biochipli analizator “Evidyence Investigator” bilan jihozlangan.
Mazkur zamonaviy uskuna ichki bozorni sifatsiz import mahsulotlardan himoya qilishda, kelib chiqishi hayvonotga mansub mahsulot va xom ashyoni, ozuqalarni, ozuqabop qo‘shimchalarni eksport qilish uchun tezkor laboratoriya tekshiruvlarini o‘tkazishda juda qo‘l keladi. Zamonaviy biochipli analizator uskunasi asal, go‘sht va go‘sht mahsulotlari, baliq va baliq mahsulotlari, sut va sut mahsulotlarining tarkibidagi mikotoksinlar, pestitsid, antibiotiklar qoldiqlarini aniqlab beradi. Bundan tashqari, mazkur uskuna yordamida hayvonlarning parazitar, virus kasalliklarini tahlil etish mumkin.
Ayni chog‘da markazga o‘rnatilgan atomtex va SRP uskunalari ko‘magida oziq-ovqat mahsulotlari, suv, tuproq, don va don mahsulotlari, ozuqa va ozuqabop qo‘shimchalar tarkibidagi seziy, stronsiylar, radiometrik ko‘rsatkichlari: alfa, betta, gamma radiometr beta-nurlanishlari chuqur tekshirilmoqda.
Bahriddin Tangyariqov suhbatimiz so‘nggida bizni markazda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishtirdi. Ochig‘i, ikki qavatli binoning qariyb 10 ming kvadrat metrdan ortiq joyi quruvchilar tomonidan qo‘porib tashlangan. Devorlarning eski suvoqlarini olib tashlash ishlari yakuniga yetkazilmoqda, eskirib ketgan yog‘och derazalar o‘rniga zamonaviy “Akfa”lar qo‘yilmoqda. Ish sifatini quruvchilar boshlig‘i qatori direktorning o‘zi ham nazoratga olgan.
– Koronavirus pandemiyasi davrida mana shunday bunyodkorlik ishlari uchun mablag‘ berilgani davlatimiz rahbari, qo‘mitamiz raisi tomonidan markaz faoliyatini yanada yaxshilashga beqiyos e’tibor qaratilganining yorqin ifodasidir. Pul davlatniki, uning har bir so‘mi ham behuda sarflanmasligi kerak, shu bois ish sifati va tezkorligini ta’minlashga intilyapmiz, – deydi direktor. – Nasib etsa, bunyodkorlik ishlari o‘z yakuniga yetsa, bu yerdan molekulyar biologiya laboratoriyasi hamda laboratoriya hayvonlarini saqlash uchun xalqaro standartlarga javob beradigan zamonaviy vivariy joy oladi. Ana shunda markazimiz xalqaro talablarga javob beradigan, har qanday nozikta’b, xorijiy ekspertni ham hayratga soladigan qiyofaga kiradi. bugungi sa’y-harakatlarimiz ana shu maqsadga qaratilgan.
Abdunabi Aliqulov