Veterinariya nazorati mexanizmlari kuchaytiriladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida “Davlat veterinariya nazorati takomillashtirilishi munosabati bilan “Veterinariya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, qonun loyihasi bilan veterinariya sohasidagi munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishni yanada takomillashtirish, veterinariya nazorati mexanizmlarini kuchaytirish, mas’ul davlat organlari vakolatlarini aniq belgilash va mas’uliyatini yanada oshirish nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, hayvonlar kasalliklarining oldini olish, ularni barvaqt aniqlash va bartaraf etish, veterinariya xizmatlari sifatini oshirishga qaratilgan qator normalar kiritilmoqda.
Qonun loyihasining qabul qilinishi veterinariya sohasini yanada rivojlantirish, aholi salomatligini muhofaza qilishga xizmat qiladi. Shuningdek, kiritilayotgan normalar milliy mahsulotlarning xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Muhokamalarda fraksiya rahbari A.Hamzayev qonun loyihasining dolzarbligini alohida ta’kidladi:
— Veterinariya sohasida “tibbiyot insonlarni davolasa, veterinariya butun insoniyatni davolaydi”, degan atama bor. Bu bejiz emas. Chunki hayvonlardan insonlarga yuqishi mumkin bo‘lgan ko‘plab kasalliklar bor. Ularni vaqtida davolash, oldini olish insonlar salomatligini asrashda ham muhim. Shuningdek, hayvonlarni tez yetiltirish, semirtirish uchun qo‘llaniladigan biologik qo‘shimchalar hayvon go‘sht va mahsulotlari orqali insonga ham ta’sir qilar ekan. Shu bois, loyihani takomillashtirish davomida bunday qo‘shimchalarning kirib kelishi va foydalanilishini nazorat qilish masalalariga ham e’tibor qaratishimiz kerak.
Qizg‘in muhokamalar davomida veterinariya xizmatlari sifatini oshirish, veterinariya-sanitariya xavfsizligini ta’minlashda qonun loyihasining ahamiyati muhimligi ta’kidlanib, qo‘llab-quvvatlandi.
Muhtarama Komilova, O‘zA