Venesuela AQSHning Raul Kastroga oid qarorini keskin qoraladi
Venesuelaning hukmron Sotsialistik partiyasi (PSUV) AQSH tomonidan Kubaning sobiq prezidenti Raul Kastroga nisbatan hibsga olish orderi chiqarilganini keskin qoraladi. Bu haqda “Anadolu” axborot agentligi xabar bermoqda.
Partiya o‘z bayonotida ushbu qaror hech qanday huquqiy asosga ega emasligini ta’kidlab, Gavana hukumati va xalqi bilan hamjihat ekanini bildirdi. “PSUV” vakillarining qayd etishicha, Vashingtonning bu qarori xalqaro huquq normalari hamda Kubaning suverenitetini qo‘pol ravishda buzish hisoblanadi.
Bundan tashqari, mazkur qadam Qo‘shma Shtatlarning ushbu o‘lkaga o‘tkazib kelayotgan ko‘p yillik siyosiy bosimining navbatdagi bosqichi sifatida baholandi. Shu munosabat bilan, partiya Lotin Amerikasi va Karib havzasi mamlakatlarini Kubani faol qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.
Bayonotda shuningdek, AQSH tomonidan Kubaga qarshi iqtisodiy qamalning kuchaytirilgani mahalliy aholi turmush darajasiga og‘ir zarba bo‘layotgani alohida aytib o‘tildi.
Ma’lumot uchun: AQSH Florida shtati prokuraturasi Raul Kastroga nisbatan 1996-yil 24-fevralda xalqaro havo hududida “Qutqaruvchi birodarlar” tashkilotining ikkita fuqarolik samolyotini urib tushirgani bilan bog‘liq ayblov asosida hibsga olish orderini e’lon qilgan edi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA