Bugun Vena shahrining Xalqaro atom energiyasi agentligi (XAEA) qarorgohida O‘zbekiston Respublikasining yadroviy infratuzilmasini rivojlantirishga oid Integratsiyalashgan ish rejasi (IWP) doirasida maslahatlashuv yig‘ilishi o‘z ishini boshladi.
Yig‘ilishda XAEA tomoni vakillari hamda Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sardor Yoqubbekov rahbarligidagi delegatsiya ishtirok etmoqda.
Unda XAEAning Yevropa bo‘yicha texnik hamkorlik bo‘limi direktori Eve-Kyulli Kala xonim va O‘zbekistonning Venadagi doimiy vakili Baxtiyor Ibrohimov so‘zga chiqib, yig‘ilishning ahamiyati va qo‘shma hamkorlik istiqbollari haqida so‘z yuritdi.
Uchrashuv doirasida O‘zbekiston tomonidan mamlakatda yadro energetikasi sohasini rivojlantirishga qaratilgan milliy strategiya, amalga oshirilayotgan institutsional islohotlar va kadrlar salohiyatini yuksaltirishga oid Milliy harakat rejasi yuzasidan taqdimot qilindi.
Yig‘ilish ishtirokchisi, Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Bekzod Berdiyevning O‘zAga ma’lum qilishicha, taqdimot chog‘ida qonunchilik bazasi, jamoatchilikni xabardor qilish va ekologik xavfsizlikni ta’minlash chora-tadbirlari haqida atroflicha axborot berildi.
– XAEA mutaxassislari O‘zbekiston bilan amaliy hamkorlik yo‘nalishlarini yanada chuqurlashtirish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi. Jumladan, texnikaviy ko‘mak, ekspert maslahatlari, tahlillar va ta’lim dasturlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, 2022-2023 yillarda amalga oshirilgan ishlarning natijalari sarhisob qilinib, keyingi yillardagi ustuvor vazifalar belgilab olindi. Shu bilan birga, kadrlar tayyorlash, atrof-muhitni muhofaza qilish va yadroviy favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik ko‘rish kabi muhim yo‘nalishlarda tajriba almashishga kelishildi. Bu kabi hamkorlik tomonlarning ushbu yo‘nalishda yaxshi natijalarga erishish ikonini beradi, – dedi B.Berdiyev.
Yig‘ilish 6 may kuni ham o‘z ishini davom ettiradi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA