Velotrek bo‘yicha O‘zbekiston chempionati
Namanganda o‘tkazilgan velotrek bo‘yicha mamlakat chempionatida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan 17 jamoa tarkibida 130 nafardan ziyod sportchi ishtirok etdi.
Namanganda o‘tkazilgan velotrek bo‘yicha mamlakat chempionatida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan 17 jamoa tarkibida 130 nafardan ziyod sportchi ishtirok etdi.Musobaqaning uch aylana bo‘ylab jamoaviy sprint bahslarida namanganlik sport ustasi Umid Ikromov chirchiqlik tengdoshlari Danil Yevdokimov, Nikita Chernov, Temur Shukurov bilan birgalikda birinchi o‘rinni egalladi. Bu unga oliy o‘quv yurtiga test sinovlarisiz kirish huquqini beradi.
4 kilometr bo‘ylab jamoaviy poyga bahslarida Toshkent viloyati jamoasi vakillari Danil Yevdokimov, Nikita Chernov, Yegor Privalov, Odil Toirov, Temur Shukurov finishga birinchi yetib keldi. Toshkent shahridan Ayrat Xayrulin, Aleksey Fomovoskiy, Dmitriy Sirko, Rustam Usmonov ikkinchi natija qayd etdi.
Namangan viloyati vakili Akmal O‘ktamov esa Iskandar Shodiyev (Toshkent viloyati), Bekzod Rahimboyev (Xorazm), Botir Ismatov (Samarqand), Fazliddin Ozodbekov (Toshkent shahri) bilan birga kuchli uchlikka kirdi.
O‘smirlar o‘rtasida 2 kilometr masofada kechgan yakkalik poygalarda Toshkent viloyatidan Sergey Gorelikov g‘olib chiqdi. Uning jamoadoshi Arslon G‘afforov va Toshkent shahridan Nikita Palchik ikkinchi, uchinchi pog‘onalarni egalladi. Qizlar bahsida esa poytaxtlik Sofiya Karimovaga teng keladigani topilmadi. Uning ortidan kelgan Toshkent viloyati vakili Margarita Misyurina, Anastasiya Otchenko (Toshkent shahri) sovrindorlar qatoridan joy oldi.
Skretch bellashuvida poytaxtlik Temur Shukurov barcha raqiblarini ortda qoldirdi. G‘olibning jamoadoshi Nikita Stenkovoy, Toshkent viloyati vakili Danil Yevdokimovga kumush va bronza medali nasib qildi. Qizlar o‘rtasidagi poygada esa farg‘onalik Anna Kulikova oltin medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Sirdaryo viloyatidan Yanina Kuskova va poytaxtlik Aleksandra Sharipova shohsupaning keyingi o‘rinlarini band etdi.
Keyin bahslarida Toshkent viloyati vakili Nikita Chernov navbatdagi oltin medalga sazovor bo‘ldi. Kumush va bronza medallari ham poytaxt viloyati jamoasi a’zolari Danil Yevdokimov va Iskandar Shodiyevga tegdi. Ayollar o‘rtasida kechgan bellashuvlarda Yanina Kuskova, Anna Kulikova, Aleksandra Sharipova tegishli tarzda g‘orliblik shohsupasiga ko‘tarildi.
G‘olib va sovrindorlar diplom, esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi, xalqaro turnirlarda ishtirok etish uchun muhim reyting ochkolariga ega bo‘ldi.