Velosportchilarimiz munosib taqdirlandi
Oʻzbekiston milliy olimpiya qoʻmitasida Oʻzbekiston velosiped sporti federatsiyasi faoliyatiga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazildi.
Oʻzbekiston milliy olimpiya qoʻmitasida Oʻzbekiston velosiped sporti federatsiyasi faoliyatiga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, velosiped sporti federatsiyasi rahbari T.Norboyeva, milliy olimpiya qoʻmitasi rahbarlari va boshqalar mamlakatimizda Olimpiya oʻyinlari dasturidan joy olgan velosport aholi oʻrtasida jadal ommalashayotgani va buning samarasida yuksak saviyali sportchilar kamol topayotganini taʼkidladi.
Shuningdek, davlatimiz tomonidan velosportchilar uchun keng imkoniyatlar yaratilayotgani hamda ular barcha kerakli sport inventarlari bilan taʼminlanayotganligi haqida alohida toʻxtalib oʻtildi.
Yigʻilishda federatsiyaning olimpiya oʻyinlariga tayyorgarligi, hududiy boʻlimlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, oʻsmirlardan iborat boʻlgan milliy terma jamoaning Osiyo va jahon chempionatlari hamda xalqaro musobaqalarda ishtirokini taʼminlash orqali ularni 2022, 2024 va 2028-yilgi yozgi Olimpiya oʻyinlariga bosqichma-bosqich tayyorlash yuzasidan hisobotlar tinglandi.
Shuningdek, milliy terma jamoaning xalqaro musobaqalardagi koʻrsatkichlari, qolaversa, jahon chempionati sovrindorlarining keyingi musobaqalarga tayyorgarlik bosqichlari xususida ishlab chiqilgan dastur muhokama qilindi.
Hozir Oʻzbekiston milliy terma jamoasi aʼzosi Olga Zabelinskaya tomonidan shosse yoʻnalishi boʻyicha kelasi yili Tokio shahrida boʻlib oʻtadigan Olimpiya oʻyinlariga yoʻllanma qoʻlga kiritilgan boʻlib, endilikda trek yoʻnalishida ham litsenziyaga ega chiqish rejalashtirilmoqda.
Yigʻilish doirasida 2019-yil davomida oʻtkazilgan Osiyo chempionatlarida hamda kuboklarida gʻolib va sovrindorlar qatoridan joy olgan Murodjon Xolmurodov, Bekzod Rahimboyev, Dilmurod Siddiqov, Olga Zabelinskaya, Yanina Kuskova, Renata Baymetova, Diana Adelshinova kabi velosportchilarimiz va ularni xalqaro musobaqalarga tayyorlagan murabbiylar velosiped sporti federatsiyasi va milliy olimpiya qoʻmitasi tomonidan taqdirlandi.
– Joriy yil biz uchun juda muvaffaqiyatli boʻldi, – deydi Murodjon Xolmurodov. – Asosiy maqsadim 2020-yilgi Tokio Olimpiadasi yoʻllanmasini qoʻlga kiritish va unda munosib ishtirok etish. Shuning uchun xalqaro turnirlarda faol qatnashmoqdamiz. Xususan, Hindistonda joriy yil 9-11-sentyabr kunlari velotrek boʻyicha kattalar va oʻsmirlar oʻrtasida Osiyo kubogi musobaqalarida oltin medal va muhim reyting ochkolarini toʻplashga muvaffaq boʻldim. Bundan tashqari, yil davomida bu kabi koʻplab musobaqalarda milliy terma jamoamiz aʼzolari yaxshi natijalarni qayd etdi.
Tadbir davomida federatsiya aʼzolari tomonidan sohada amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlar muhokama etildi. Hududlarda sportni rivojlantirish boʻyicha uchrayotgan muammolarni bartaraf qilish boʻyicha zarur vazifalar belgilandi.