Velosportchilar saralandi
Jizzax viloyatida 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar hamda 18 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida shosse velosporti bo‘yicha mamlakat chempionati o‘tkazildi. To‘rt kun davom etgan musobaqalarda respublika hududlaridan tashrif buyurgan eng sara sportchilar g‘oliblik uchun kurash olib bordi.
Murosasiz va qizg‘in bellashuvlar yakunida bir qator jamoalar yuqori natijalarni qayd etdi.
40 kilometrlik “Mikst” jamoaviy estafetada Jizzax viloyati jamoasi chempionlikni qo‘lga kiritdi. Samarqand viloyati ikkinchi, Sirdaryo viloyati esa uchinchi o‘rinni egalladi.

30 kilometrlik “Mikst” jamoaviy estafetaning o‘smirlar va o‘smir qizlar bahsida Sirdaryo viloyati jamoasi g‘olib bo‘ldi. Toshkent viloyati kumush, Samarqand viloyatining birinchi jamoasi bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
40 kilometrlik jamoaviy poygada yoshlar o‘rtasida Xorazm viloyati vakillari oltin medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 30 kilometrlik jamoaviy poygada o‘smirlar o‘rtasida ROPSTTM jamoasi g‘olib bo‘ldi.
Musobaqa mamlakatimizda velosportni ommalashtirish, iqtidorli yosh sportchilarni saralab olish hamda xalqaro musobaqalar uchun munosib zaxira tayyorlash yo‘lida muhim ahamiyat kasb etdi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA