Velosportchi qizlar orasida kuchlilar saralanmoqda
Jizzax viloyatida velosportning shosse yo‘nalishi bo‘yicha 14 va 18 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasida ko‘p kunlik O‘zbekiston chempionatining navbatdagi bosqichi o‘tkazildi.
Unda kichik yoshli o‘smir qizlar 20 km. masofadagi guruh poygalarining 3-bosqichini yakunlagan bo‘lsa, 18 yosh toifasida ikkinchi bosqich guruh poygalarida ishtirokchilar 60 km. masofada raqobatlashdi.
Kichik yoshli o‘smir qizlar o‘rtasidagi 3-bosqichda Madina Anvarova marraga 35 daqiqa 23 soniyada birinchi bo‘lib yetib keldi. Uning ortidan Milana Yarovaya va Gulmira Jailova finishga yetib keldi.

Shu tariqa, ushbu toifadagi umumiy klassifikatsiya bo‘yicha Madina Anvarova jami 1.33.29 natija bilan mamlakat chempioniga aylandi. Shuningdek, Gulmira Jailova hamda Milana Yarovaya O‘zbekiston chempionatining kumush va bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Chempionatning 18 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasidagi bahslarida ikkinchi bosqich yakuniga ko‘ra, Samira Ismoilova 1.40.53 natija qayd etgan holda 60 km masofa marra chizig‘ini birinchi bo‘lib bosib o‘tdi. Viktoriya Polzunova esa belgilangan masofaga 1 soat 43 daqiqa 2 soniyada yetib keldi. Ushbu yo‘nalishda Nozima Egamberdiyeva kuchli uchlikdan joy oldi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA