Velosipedda sayr salomatlik garovi
Prezidentimizning 2021 yil 24 sentyabrdagi “Velosportni rivojlantirishga doir kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, sog‘lom turmush tarzi tamoyillarini targ‘ib etish, qolaversa, 22 sentyabr – Xalqaro avtomobilsiz kun munosabati bilan Andijon viloyatida bir qator tadbirlar o‘tkazildi.
Shu kuni viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Akbarov boshchiligida boshqarma boshlig‘i o‘rinbosarlari, bo‘lim boshliqlari hamda xodimlari ishga velosipedda kelib ketishdi. Avtomobillar harakatini kamaytirish, ekologiya musaffoligini ta’minlash borasidagi ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan jamoaning ibratli tashabbusi keng jamoatchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Bu kabi tadbirni, ayniqsa, Andijon shahrida hech bo‘lmaganda bir oyda bir marta ommaviy tarzda o‘tkazish taklifi ilgari surildi. Shuningdek, Marhamat tumani hokimligi, jismoniy tarbiya va sport bo‘limi tashabbusi bilan tumandagi “Buyuk Maskan” istirohat bog‘ida velosportning ommaviyligini ta’minlash, aholi o‘rtasida velosipedda yurish orqali salomatlikni mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida o‘tkazilgan “Velosiped sayli” ham ana shu yo‘nalishdagi tadbirlardan biri bo‘ldi. Unda turli yoshdagi sportchi va havaskor velosipedchilar, keng jamoatchilik vakillari, yoshlar ishtirok etdi. Tadbir davomida velosipedda yurishning salomatlik uchun foydasi, tabiat musaffoligini ta’minlashdagi ahamiyati xususida suhbat o‘tkazildi.
[gallery-8889]
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA