Vebster universitetida BMT kuni nishonlandi (+video)
Birlashgan Millatlar Tashkiloti yer yuzida tinchlikni va xavfsizlikni ta’minlash, dunyo davlatlarining o‘zaro hamkorligini rivojlantirish maqsadida 1945 yil 24 oktyabrda mustaqil davlatlarning ixtiyoriy birlashish asosida tuzilgan eng yirik xalqaro tashkilot hisoblanadi.
Bugun poytaxtimizdagi Vebster universitetida BMT tashkil etilganiga 78 yil to‘lishi munosabati bilan tadbir o‘tkazildi. Unda BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbariyati, Oliy Majlis Senati a’zolari, turli diplomatik korpus vakillari va talaba yoshlar ishtirok etishdi.

Yig‘ilishni Birlashgan Millatlar Tashkilotining O‘zbekistondagi koordinatori Konsuelo Vidal Bryus xonim ochib berdi va yig‘ilganlarga tashkilotning jahonda tutgan o‘rni, O‘zbekiston bilan o‘zaro hamkorlik aloqalari haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.

- So‘nggi yillarda O‘zbekiston tashqi siyosatini belgilovchi asosiy yo‘nalishlardan biri — hamkorlikni mustahkamlash maqsadida BMT bilan o‘zaro aloqalari yil sayin mustahkamlanib bormoqda, -deydi UNICEF tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari vazifasini bajaruvchi Jeffri Ijumba. - Ayniqsa, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida so‘zlagan nutqi alohida ahamiyatga ega. O‘ylaymanki, bundan keyin ham aloqalarimiz tenglik va manfaatli sheriklik asosida rivojlanib boraveradi.

E’tiborli jihati, bu yilgi tadbir dasturi qiziqarli chiqishlarga boy bo‘ldi. Jumladan, Vebster universiteti talabalari tomonidan Barqaror rivojlanish maqsadlariga oid sahna ko‘rinishlari mehmonlar olqishiga sazovor bo‘ldi. O‘zbek estradasi vakillari tomonidan ijro etilgan qo‘shiqlar esa davraga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.

Tadbirning asosiy qismi yakunlangach, universitet foyesida BMT agentliklari ko‘rgazmasi tashkil etildi. Tashrif buyurgan mehmonlarga BMTning asosiy faoliyati va tashkilotda yoshlar uchun mavjud imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
<iframe width="887" height="499" src="https://www.youtube.com/embed/XxosnIhR_Zo" title="Vebster universitetida BMT kuni nishonlandi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>O‘.Alimov, N.Abduvoitov (video), O‘zA