Antaliyada yo‘qolib ketish xavfi ostidagi dengiz toshbaqalari muhofaza qilinmoqda
Turkiyaning Antaliya viloyatidagi Belek, Qizilot, Kundu va Lara sohillarida joriy yilda dengiz toshbaqalarining 4 ming 400 ta uyasi aniqlandi. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, ushbu uyalardan chiqqan 200 mingga yaqin "Caretta" turiga mansub dengiz toshbaqasi bolasi O‘rta yer dengizi suvlariga yetib borgan.
Ma’lumki, Belek, Qizilot, Lara va Kundu sohillari O‘rta yer dengizi havzasida dengiz toshbaqalari tuxum qo‘yadigan muhim hududlardan hisoblanadi. Bu yerda har yili toshbaqalarning ko‘payishi va uyalarning saqlanishi mutaxassislar tomonidan nazorat qilinadi.
O‘lkadagi Hojatepa universiteti hamda Ekologik tadqiqotlar uyushmasi hamkorligida amalga oshirilayotgan «Dengiz toshbaqalarini kuzatish va muhofaza qilish» loyihasi doirasida joriy yil may oyidan boshlab sohillarda muntazam kuzatuv ishlari olib borildi.
Universitet olimlari, biologlar va ko‘ngillilar har kuni tong sahardan sohillarni ko‘zdan kechirib, toshbaqalarning tuxum qo‘yish jarayoni, uyalar holati hamda bolalarining tuxumdan chiqishini nazorat qildi.
– Sohillardagi faoliyatimizni may oyining boshida boshladik, - deydi biolog Fotih Po‘lat. - Iyul oyining o‘rtalariga qadar voyaga yetgan dengiz toshbaqalarining sohilga chiqishi va tuxum qo‘yish jarayonlarini kuzatdik. Aniqlangan har bir uyani ro‘yxatga olib, maxsus raqam bilan belgiladik. Shuningdek, ularning joylashuvini GPS texnologiyasi yordamida qayd etib, muhofaza choralarini ko‘rdik.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, kuzatuvlar faqat uyalarni aniqlash bilan cheklanmagan. Tuxumdan chiqish davri yakunlanganidan so‘ng uyalar belgilangan tartibda tekshirilib, tuxum po‘choqlari va boshqa biologik ko‘rsatkichlar asosida toshbaqa bolalarining soni hisoblab chiqilgan. To‘plangan ma’lumotlar maxsus hisobotlarga kiritilib, tegishli tashkilotlarga taqdim etilgan.
Olimlarning qayd etishicha, dengizga yetib borgan har mingta toshbaqa bolasidan atigi bir yoki ikkitasi voyaga yetadi. Shu bois ularning tabiiy yashash muhitini muhofaza qilish turning kelajagi uchun nihoyatda muhim.
Fotih Po‘lat joriy yilda sohillarda inson faoliyati bilan bog‘liq bir qator salbiy holatlar kuzatilganini ham ma’lum qildi. Xususan, ayrim uyalarning odamlar tomonidan qazib ochilishi, sohillarga transport vositalarining kirishi va sun’iy yoritish toshbaqalar hayotiga jiddiy xavf tug‘dirmoqda.
Shuningdek, bu yil havo harorati nisbatan past bo‘lgani sababli ayrim toshbaqalarning tuxum qo‘yish jarayoni kechikkan. Muhofaza tadbirlarida sakkiz mamlakatdan kelgan 45 nafar xorijlik ko‘ngillilar ham ishtirok etdi.
A.Mamatov, O‘zA