Jismoniy tarbiya va sportni yoshlarsiz, yoshlar hayotini esa sport musobaqalari-yu mashg‘ulotlarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi.
Poytaxtimizdagi “Olimpiya va paralimpiya shon-shuhrati” muzeyida O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri Adham Ikromov ishtirokida tashkil etilgan “Vazir va yoshlar uchrashuvi”da ayni fikrlar tilga olindi.
Muloqot avvalida sport vaziri A.Ikromov mamlakatimizda ommaviy sportni rivojlantirish, sport infratuzilmasini yangi bosqichga olib chiqish, xalqaro maydonlarda Vatanimiz sharafini himoya qiladigan mahoratli sportchilarni saralash, tanlash, xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribasini yurtimizda keng joriy etish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar xususida to‘xtalib o‘tdi.
Shuningdek, davlatimiz rahbarining joriy yil 15 may kuni maktab ta’limi tizimidagi islohotlar samaradorligini yanada oshirish hamda kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida yozgi ta’til davrida yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish bo‘yicha “Dolzarb 90 kun” tadbirlari yuzasidan sport tizimida qilinayotgan ishlar, musobaqalar, ommaviy sport tadbirlari haqida ma’lumot berdi.
Ochiq muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda bugungi islohotlarda yoshlarning alohida o‘rni borligi, ularning g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash muhimligi ta’kidlandi.
Tadbir davomida sport vaziri mamlakatimiz sportchilarining Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari, jahon chempionatlari, Osiyo o‘yinlari hamda xalqaro musobaqalarda yuksak natijalarga erishishi ortidan dunyoda O‘zbekistonning obro‘-e’tibori va sport salohiyati yanada oshayotganini qayd etdi.
Hududlarda jahon andozalariga mos muhtasham sport inshootlari barpo etilayotgani, o‘quvchi va talaba yoshlar o‘rtasida “Universiada”, “Besh tashabbus olimpiadasi”, “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” kabi sport musobaqalarining muntazam o‘tkazib kelinayotgani natijasida sport bilan shug‘ullanayotganlar soni yildan-yilga ortib borayotgani e’tirof etildi.
Tadbir so‘ngida yoshlarga esdalik sovg‘alari topshirildi. Xususan, "Dolzarb 90 kun" doirasida 7 million nafar o‘quvchi-yoshlarni madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlariga jalb qilish rejalashtirilgani qayd etildi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/nYahne8ex7M" title="Vazir va yoshlar uchrashuvi tashkil etildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>T.Ro‘ziyev, N.Rahmonova,
N.Abduvoitov (video),O‘zA