Vazir Namanganda sayyor qabul o‘tkazdi
Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ijobiy hal etish, aholining murojaatlarini tinglash bugungi kunda yurtimizdagi barcha darajadagi rahbarlarning ustuvor vazifasiga aylangan.
Jumladan, respublika oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Namangan viloyatida bo‘lib ko‘plab muammoli masalalarga ahamiyat berdi va aksariyatiga ijobiy yechim topdi.
Namangan davlat texnika universiteti binosida bo‘lib o‘tgan sayyor qabulda bir vaqtning o‘zida poytaxtimizdan turib, vazirlik markaziy apparati mutasaddilari ham onlayn ishtirok etdi. Qabul davomida viloyatdagi oliy, kasbiy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari va talabalari tomonidan turli taklif, tashabbus hamda murojaatlar bildirildi.
Masalan, universitetda yoshlar media markazini ochish, aniq, texnika va muhandislik sohalarida tahsil olayotgan talabalarni chet el oliygohlariga stajirovka uchun yuborishni ko‘paytirish, yoshlar o‘rtasida “Kreativ g‘oyalar” festivalini o‘tkazish, harbiy kafedralarni tashkil qilish, oila psixologiyasi fanini o‘qitish, texnikumlarda qo‘shma ta’lim dasturlarini ochish, xorijiy talabalar uchun o‘quv adabiyotlarini ko‘paytirish, tibbiyot texnikumlarida dual ta’limni yo‘lga qo‘yish kabi takliflar ilgari surildi.
– Sayyor qabulda ulug‘ ma’rifatparvar alloma, jadidchilik harakatining namoyandasi Ishoqxon to‘ra Ibrat nomidagi davlat stipendiyasini joriy etish va mart oyini oliy ta’lim muassasalarida Ibrat tavalludi munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar oyligi deb e’lon qilish haqidagi bildirgan takliflarim ma’qullanganidan xursandman, – deydi Namangan davlat chet tillar institutining uchinchi bosqich talabasi Marg‘iyona Adashaliyeva. – Zero, buyuk ajdodlarimizning boy merosini asrab-avaylash, ularga munosib avlodlar bo‘lib intilishimiz davlatimiz rahbari orzu qilgan Uchinchi Renessans davriga turtki bo‘lishi shubhasiz.
Qabul davomida murojaatlarning aksariyati joyida ijobiy hal etildi, ba’zi masalalar yuzasidan esa huquqiy tushuntirishlar berildi. Qo‘shimcha o‘rganish talab qiladigan murojaatlar bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar yuklatilib, ularning ijrosi nazoratga olindi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA