Vazir kubogi uchun 13 jamoa kuch sinashdi
Termizda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining Surxondaryo viloyat bosh boshqarmasi “Sport – sog‘lik garovi” shiori ostida Vazir kubogi uchun sportning mini futbol turi bo‘yicha hududiy bosqich musobaqasini o‘tkazdi.
“Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” munosabati bilan tashkil etilgan musobaqada bosh boshqarmaning Termiz shahri va tuman bo‘limlari, monomarkazlar va kasb-hunar maktablaridagi 30 yoshgacha bo‘lgan yosh xodimlardan iborat 13 ta jamoa o‘zaro bellashdi.

Qiziqarli lahzalarga boy bo‘lgan musobaqani viloyat sport boshqarmasining tajribali hakamlari baholab bordi.
Yakunda bosh boshqarmaning Oltinsoy tumani bo‘limi jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin Angor tumani, uchinchi o‘rin Termiz tumani jamoalariga nasib etdi.

–Bellashuvga kelayotganimizda mutloq g‘olib bo‘lishni o‘ylamagan edik, –deydi Oltinsoy tumani kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bӯlimi mas’ul xodimi Dostonbek Hazratqulov. – Shunday bo‘lsa-da, maydonda bir-birimizni to‘g‘ri tushunib, ahillik bilan harakat qildik. Ishdan bo‘sh vaqtlarimizda jamoamiz bilan mini futbol o‘ynab turishimiz ham qo‘l keldi. Bu bizning g‘alabaga ishonchimizni oshirib, g‘olib bo‘lishimizga kuch berdi.

Surxondaryo viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi tizimida 175 nafar 30 yoshgacha bo‘lgan xodim xizmat qilmoqda. Ularning 42 nafari xotin-qizdir. Mazkur musobaqada 110 nafar yosh ishtirok etdi.

Bellashuv yakunida g‘olib jamoalar va eng faol ishtirok etgan xodimlar bosh boshqarmaning faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Ular tarkibidan saralab olingan viloyat terma jamoasi Vazir kubogi musobaqasining final bosqichida qatnashadi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri