“Vazir kubogi” musobaqasining Sirdaryo bosqichi yakunlandi
Sirdaryo viloyatida ayol ustozlar hamda maktabgacha ta’lim tizimi xodimalari o‘rtasida voleybol bo‘yicha o‘tkazilgan “Vazir kubogi” musobaqasining viloyat bosqichi o‘z yakuniga yetdi. Musobaqa sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish, xotin-qizlar o‘rtasida sportga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirish hamda jamoaviy birdamlikni mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Turnirda viloyatning 11 ta tuman va shaharlaridan saralangan jamoalar ishtirok etib, respublika bosqichiga yo‘llanma olish uchun qizg‘in va murosasiz bellashuvlarda maydonga chiqdilar. Bahslar davomida ishtirokchilar nafaqat jismoniy tayyorgarlik, balki jamoaviy hamjihatlik, tezkor qaror qabul qilish va sport mahoratlarini ham namoyon etishdi.
[gallery-29477]
Musobaqa davomida o‘yinlar yuqori kayfiyat va sog‘lom raqobat ruhida o‘tdi. Jamoalar har bir ochko uchun murosasiz kurash olib borishdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, 1-o‘rinni Guliston shahar 5-umumta’lim maktabi jamoasi qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 2-o‘ringa Sayxunobod tumani 1-umumta’lim maktabi jamoasi, 3-o‘ringa esa Oqoltin tumani 1-maktab jamoasi sazovor bo‘ldi.
Tadbir yakunida g‘olib va sovrindor jamoalar tashkilotchilar tomonidan kubok, diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Shuningdek, barcha ishtirokchi jamoalarga sport ruhini namoyon etgani va musobaqada faol ishtirok etgani uchun minnatdorlik bildirildi.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat) O‘zA