Vazir, hokim va yoshlar uchrashuvi
Yoshlar kuni munosabati bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus tumanida “Vazir, hokim va yoshlar”loyihasi doirasida uchrashuv tashkil qilindi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari B.Matmuratov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati L.Seytova, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri, tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi S.Turmanov, tuman hokimi O.Usnatdinov, tuman faol yoshlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvda mustaqilligimiz sharofati bilan mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan e’tibor, barcha sohalarda olib borilgan o‘zgarish va yangilanishlar, yurtimizda yoshlarga oid davlat siyosati doirasida qator samarali ishlar, islohotlar amalga oshirilayotganligini alohida e’tirof etdi.

Yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, demokratik davlat qurish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, siyosiy jarayonlarda ularning faolligini oshirishga katta e’tibor qaratib kelinmoqda. Ayniqsa, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan keyingi yillarda yoshlar bilan ishlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yaratilganligi, yoshlar faoliyatiga doir muhim qaror va farmonlar, qonunlar qabul qilinayotgani va unda yoshlarning ham takliflari o‘rin olayotganligi yoshlarga qaratilayotgan yuksak e’tiborning namunasi ekanligi qayd etildi. Uchrashuv davomida bayram munosabati bilan faol yoshlarga faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari, “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarga o‘zlarining tadbirkorligini boshlashi uchun tikuv mashinalari va mikroto‘lqinli pechkalar topshirildi.

Tuman markazidagi Bolalar-o‘smirlar sport maktabi o‘yingohida “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida yoshlar festivali hamda gala konserti bo‘lib o‘tdi. Tadbirda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga sovg‘alar topshirilib, sektor rahbarlarining kubogi uchun o‘tkazilgan sport musobaqalari g‘oliblari taqdirlandi.
Dovud Abibullayev, O‘zA