Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov ta’lim sohasidagi dolzarb masalalarni joylarda hal etish, fuqarolar bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish maqsadida Sirdaryo viloyatidagi Guliston davlat universitetida sayyor qabul o‘tkazdi.
Qabulda professor-o‘qituvchilar, talabalar, mahalliy aholi vakillari ishtirok etib, bir qator muhim masalalar yuzasidan o‘z fikr va takliflarini bildirishdi. Jumladan, farzandni texnikumga imtiyozli qabul qilish, akademik mobillik orqali o‘qishni boshqa oliy ta’lim muassasasiga ko‘chirish, dissertatsiyani himoya qilgan shaxsning diplom olishiga oid masalalar ko‘tarildi.

Vazir Q. Sharipov har bir murojaatni diqqat bilan tinglab, ular yuzasidan joyida tegishli qarorlar qabul qildi. Mutasaddilarga aniq vazifalar yuklatildi, ba’zi masalalar bo‘yicha esa amaliy ishlar shu kuniyoq boshlab yuborildi.

Qabul chog‘ida ta’lim tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha bir qator takliflar ham ilgari surildi. Xususan, Guliston davlat universiteti huzurida Mudofaa vazirligi bilan hamkorlikda harbiy kafedra tashkil etish tashabbusi muhokama qilinib, bu borada amaliy vazifalar belgilandi. Shu bilan birga, ilmiy tadqiqot faoliyatini kuchaytirish, innovatsion yondashuvlarni joriy etish va Ilmiy kengash samaradorligini oshirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

– Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri ishtirokida universitetimizda o‘tkazilgan sayyor qabul juda ahamiyatli va samarali bo‘ldi, – deydi Guliston davlat universiteti Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Orif Murodov. – Unda ta’lim va ilmiy faoliyatni rivojlantirishga oid muhim tashabbuslar muhokama qilindi. Universitet jamoasi bunday islohotlarni amalga oshirishda faol ishtirok etishga tayyor.
Qabul yakunida bildirilgan murojaatlar yuzasidan belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘rilishi va amalga oshirilgan ishlar natijalari jamoatchilikka yetkazilishi ma’lum qilindi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri