Vazir Buxoroda o‘rganishlar olib bordi
Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Buxoro viloyati Vobkent tumanidagi “Garden Buxoro agroklaster” MCHJda o‘rganishlar olib bordi.
“Garden Buxoro agroklaster” hozirda 6 ta tumanda faoliyat yuritadi. Jami 34 ming gektar paxta maydoniga ega bo‘lib, shundan, 20 ming gektarda xorijiy navlar ekilgan. Klasterning o‘z dalalarida hosildorlik 70, fermerlarda esa 60-65 sentnerni tashkil etmoqda.

Dalalarda zamonaviy texnika va suv tejovchi texnologiyalar keng qo‘llanilmoqda. Ayniqsa, desikatsiya ishlari dronlar yordamida olib borilayotgani e’tiborga molik. Ushbu tajriba nafaqat klasterda, balki butun viloyat fermerlari uchun ilg‘or agrotexnologiyalarni o‘rganish va tatbiq etishda ibrat maktabi bo‘lib xizmat qilmoqda. Dalalarda kungaboqar va makkajo‘xori himoya belbog‘i sifatida ekilib, shamol va zararkunandalarga qarshi tabiiy to‘siq yaratgan.


Vazir o‘z navbatida, hosilni sifatli va tez yig‘ishtirib olish eng muhim vazifa ekanini ta’kidladi. Shu munosabat bilan fermerlar faoliyatini muvofiqlashtirish, desikatsiya tadbirlarini zudlik bilan yakunlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.