Vatanparvarlik tuyg‘usini mustahkamlagan loyiha
Mirzaobod tumani hududida joylashgan Toshkent harbiy okrugi tasarrufidagi Safarbarlik chaqiruv rezervi batalyonida “Harbiy qismda bir kun” loyihasi doirasida o‘quvchi-yoshlar uchun vatanparvarlik ruhidagi amaliy tadbir tashkil etildi.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyat Kengashi hamda Guliston harbiy prokuraturasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan ushbu loyiha yoshlarni harbiy xizmatning kundalik hayoti, armiya tizimidagi intizom va tayyorgarlik jarayonlari bilan yaqindan tanishtirishni maqsad qildi.
Tadbir Sirdaryo viloyat faxriylar kengashi, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi, Milliy gvardiya Sirdaryo viloyat boshqarmasi hamda mehnat faxriylari va ijodkorlar ishtirokida yanada keng qamrovli tarzda o‘tdi.
Guliston harbiy prokuraturasiga biriktirilgan Mirzaobod va Guliston tumanlaridan kelgan o‘quvchi-yoshlar harbiy qismning kundalik faoliyati bilan bevosita tanishdilar. Ular xizmatchilarning kun tartibi, jismoniy tayyorgarlik mashg‘ulotlari hamda harbiy intizom muhitini kuzatish imkoniga ega bo‘lishdi.
[gallery-28896]
Shuningdek, yoshlar uchun tashkil etilgan maxsus ko‘rgazmada zamonaviy harbiy texnika va qurol-aslahalar namoyish etildi. Mutaxassislar tomonidan ularning texnik imkoniyatlari, qo‘llanilish sohalari hamda armiyaning zamonaviy salohiyati haqida batafsil ma’lumot berildi.
Yoshlar tomonidan berilgan savollar va bildirilgan qiziqishlar loyihaga bo‘lgan e’tibor yuqori ekanini ko‘rsatdi. Amaliy muloqotlar ularning harbiy sohaga bo‘lgan qiziqishini yanada kuchaytirdi.
Tadbir yakunida ta’kidlanganidek, “Harbiy qismda bir kun” kabi loyihalar yoshlar qalbida Vatanga muhabbat, yurt taqdiriga daxldorlik hissi hamda harbiy kasbga hurmat va qiziqishni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
– Bugungi kunda yoshlarning vatanparvarlik ruhini mustahkamlash, ularning harbiy sohaga bo‘lgan qiziqishini oshirish biz uchun ustuvor vazifalardan biridir. “Harbiy qismda bir kun” kabi loyihalar orqali yoshlar nafaqat harbiy xizmatning mazmun-mohiyatini, balki Vatan himoyachisi bo‘lish qanchalik sharafli va mas’uliyatli ekanini amalda his etmoqda. Bu esa ularning hayotiy pozitsiyasini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyat Kengashi raisi Azizbek Rahmonov.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat), O‘zA