Vatanparvarlik – milliy yuksalish kafolati
Buxoro viloyatida ham mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 28 yilligi va 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuniga bagʻishlab koʻplab madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilmoqda.
Buxoro viloyatida ham mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 28 yilligi va 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuniga bagʻishlab koʻplab madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilmoqda.
Belgilangan targʻibot tadbirlari dasturi doirasida katta hududda tashkil etilgan marafon va harbiylarning saf namoyishi va jangovar texnikalar paradi keng qamrovliligi bilan katta qiziqish uygʻotdi.
3 kilometr masofada oʻtkazilgan marafon turli kasb va yoshdagi kishilarni jipslashtirdi. Unda 2000 nafarga yaqin harbiy xizmatchi, oliy oʻquv yurtlari talabasi, akademik litseylar, kollejlar hamda umumtaʼlim maktablari oʻquvchisi, Yoshlar ittifoqi yetakchisi, sport maktablari tarbiyalanuvchisi, taniqli sportchilar ishtirok etdi.
Mahorat koʻrigining gʻolib va sovrindorlari aniqlandi.
Harbiylarning saf namoyishi va harbiy texnikalar paradi ham barchaning eʼtiborida boʻldi. Unda viloyatda joylashgan harbiy qismlarning jangovar texnikalari va askarlari, piyoda va otliqlar, Oʻzbekiston mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti sport-texnika klublarining avto hamda motohavaskorlari, turizm politsiyasi xodimlari qatnashdi.
Mamlakatda Qurolli Kuchlar sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va uning moddiy-texnika bazasini rivojlantirishga berilayotgan katta eʼtibor samarasida milliy armiyamizning yurt sarhadlari daxlsizligini ishonchli himoya qilish salohiyati oshib bormoqda.
Harbiylarning saf namoyishi va zamonaviy jangovar texnikalar paradi yoshlarning bu boradagi tasavvurlarini boyitishga xizmat qildi. Tadbir qatnashchilarini bayramona bezatilgan katta hudud boʻylab minglab yurtdoshlarimiz olqishlab turdi.
– Saf namoyishida bir tekis va shaxdam odim tashlayotgan oʻktam harbiy yigitlarning chehrasi va koʻzida Vatanga xizmat qilishdan faxr tuygʻusini angladim, – deydi tadbirni kuzatayotganlardan biri Botir Ramazonov. – Oʻzbekiston bayrogʻi oʻrnatilgan jangovar texnikalar oʻtib borayotganida, yonimdagi yosh bola otasiga katta boʻlsam, men ham tank ustida bayroq koʻtaraman, deganida koʻnglim allaqanday boʻlib ketdi. Shoirona aytayapti, demang, bolalardagi havas keyin niyatga aylanadi.
Yuqoridagi tadbirlar “Buxoro” sport majmuasida “Vatanparvarlik – milliy yuksalish kafolati” shiori ostida oʻtgan harbiy-vatanparvarlik festivaliga ulanib ketdi. Bu yerda harbiy qismlar xizmatchilari jangovar tayyorgarlik borasidagi mahoratlarini mujassam etgan murakkab koʻrgazmali chiqishlarni namoyish qildi.
Harbiy qismlarning shaxsiy tarkibi orasida alohida namuna koʻrsatayotgan zobit, serjant hamda askarlar, shuningdek, ichki ishlar idoralari safida fidoyiligi, mahorati bilan boshqalarga ibrat boʻlayotgan xodimlar qoʻmondonlik va rahbariyat, shuningdek, viloyat mutasaddilari tomonidan alohida ragʻbatlantirildi.
Tadbirda yugurish marafoni va Vatan himoyachilari kuniga bagʻishlab oʻtkazilgan tosh koʻtarish, voleybol musobaqalarining sovrindorlari ham taqdirlandi.
Sport majmuasi atrofida belgilangan maydonlarda esa harbiy texnika vositalari va qurol-aslahalarining koʻrgazmalari namoyish etildi. Bu esa yoshlarning ular bilan yaqindan tanishishi uchun qulay imkoniyat boʻldi.
Festival viloyat sanʼat ustalari, taniqli estrada xonandalarining chiqishlari, kuy-qoʻshiq va raqslar bilan yakunlandi.