“Vatanparvar”chilar Mehribonlik uyini yo‘qladi
Namangan shahridagi 26-sonli “Mehribonlik uyi”da O‘zbekiston Mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti viloyat kengashi tomonidan Konstitutsiyamizning 28 yilligi bayrami munosabati bilan pnevmatik quroldan o‘q otish sport musobaqasi o‘tkazildi.
Yo‘qlov doirasida tashkillangan musobaqada mehribonlik maskanida kamol topayotgan 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan 68 nafar tarbiyalanuvchi ishtirok etdi. Shuningdek, karting, mototsikl kabi texnik-amaliy sport texnikalari ko‘rgazmasi bolajonlarga namoyish qilindi.

Musobaqada tengdoshlariga qaraganda chaqqonroq harakat qilgan Mohira Bozorboyeva, Larisa Trashenkova, Farangiz Davronova, Elmurod Nosirov, Farruh Davronov, Abdurahmon Karimovlar g‘oliblar qatoridan joy olishib, munosib ravishda taqdirlandilar.
Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari tomonidan ko‘rgazmali chiqishlar, Konstitutsiya moddalariga atalgan she’rxonlik, “Zukko bilimdon” tanlovi va musiqiy sahna chiqishlari havola etildi.

Tadbir yakunida Mehribonlik uyining bir qator tarbiyalanuvchilariga quvonch ulashish, ularni aqliy va intellektual qobiliyatini yanada mustahkamalash maqsadida shaxmat-shashka va “Lego” yig‘ma o‘yin to‘plamlari, shaxsiy gigiyena vositalari jamlanmalari topshirildi.

Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA