Ajdodlarimizning siyosiy tarixi, etnologiyasi, xalq hayotining u yoki bu sohalari tarixi borasida turli mavzularda tadqiqotlar amalga oshirilgan.

Biroq o‘zbek xalqining milliy-etnik va siyosiy tarixini bog‘lab o‘rganish borasida tadqiqotlar kam. Ularning aksariyati eski tuzum metodologiyasi asosida yaratilgan shablon, ya’ni biz bilishimiz “mumkin” bo‘lgan an’anaviy tarixiy rakursda edi. Yangi, xolis, xorijiy mamlakatlardagi boy tarixiy manbalardan foydalanishga “mumkin emas”, degan tabu o‘rnatilgan edi. Buning oqibatida insoniyat tamadduni beshiklaridan biri bo‘lgan O‘zbekiston hududining ijtimoiy tarixiy haqiqati yuziga parda tortilgan edi. Mustaqillik, milliy o‘zlikning o‘sishi, yangicha fikrlovchi yosh tarixchilarni maydonga keltirmoqda. Ular haqiqat yuzini g‘uborlardan tozalab, xalqimiz tarixining sharafli va hayratli sahifalarini kashf qilmoqdalar.

Yosh tarixchi olim Bekzod Abdirimovning “Xorazmiylar izini izlab...” monografiyasini shular sirasiga qo‘shsa bo‘ladi. Bunga sabab, kitob bir tomondan, muallifning ilmiy halollik, o‘ziga talabchanligini, ikkinchi tomondan xalqimiz tarixiga cheksiz hurmatini o‘zida mujassam qilganida. Unda xorazmliklarning VIII-XIII asrlarda Yevroosiyo kengliklarida kechgan murakkab etnik va siyosiy jarayonlarda tutgan o‘rni va ahamiyati boy, eng muhimi, shu paytgacha o‘rganilmagan tarixiy va zamonaviy xorijiy manbalar asosida ochib berilgan. Buning yorqin misollaridan biri sifatida mo‘g‘ul bosqinini to‘xtatuvchi maqomini qozongan, kelib chiqishi Anushtegin xorazmshohlar sulolasining vakili bo‘lgan Sayfiddin Qutuz shaxsining kashf etilishini ko‘rsatish mumkin. Monografiyada Sayfiddin Qutuz Misrda yuksak rahbarlik, sarkardalik mahoratini ko‘rsatib, Chingizxon zarbalaridan parokanda bo‘lib ketgan kuchlarni birlashtirib, mo‘g‘ullarni to‘xtatgani original manbalar asosida, tarixiy dalillar bilan isbotlangan.  

Biz yosh olimlarimizning jahon miqyosida fikrlashini istaymiz. Mana shu istak ro‘yobi kitobda bor. Muallif viloyatda yashab, ilmiy ijod qilib, dunyo kitoblarini varaqlabdi. Buning isboti – kitobda foydalanilgan 244 ta yozma manbaning yarmidan ko‘pini xorijiy original manbalar tashkil qiladi. Bu esa “Xorazmiylar izini izlab...” kitobining qadrini oshirib, mavqeini xalqaro monografik tadqiqot darajasiga ko‘targan.  

Monografiyada Xorazm vohasi, VIII-XIII asrlarda xorazmliklarning migratsiyasi masalalari o‘rganilgan. O‘sha asrlarda o‘zbeklarning Xazariya, Bulg‘or, Sharqiy Yevropa, Vengriya, Kichik Osiyo, Rum sultonligi, Levant, Misrga migratsiyalashuv jarayonlari va buning sabablari, samaralari ochib berilgan. Muallif keltirgan arxeologik, ijtimoiy-siyosiy fakt va dalillar tahlili o‘sha davrda xorazmliklar misolida o‘zbeklarning tamaddun yaratuvchi millat sifatida nafaqat lokal, balki global missiyani bajarganlari isbotlab berilgan.  

Kitobda bu kabi biz uchun yangi tarixiy fakt va shaxslar ko‘p. Masalan, XI asr boshlarida turkiy qabilalarning g‘arbga migratsiyasi jarayonlarining siyosiy, iqtisodiy, madaniy, ma’naviy sabab va natijalari haqida boy ma’lumotlar taqdim etilgan. Bunda B.Abdirimov (gohida uchrab turadigan) tuyg‘ularga emas, balki faktlarga, xorijiy tarixiy tadqiqotlar natijalariga tayangan. Ularning asarlarini keng ilmiy muhokama platformasiga olib chiqa olgan. Bu tahsinga loyiq.

Asar o‘quvchiga xorazmshohlar davlati va mo‘g‘ullar, Turkon xotun, Sulton Alouddin Muhammad, Sulton Jaloliddin shaxslari haqida yangi ma’lumotlar, yangi mulohazalar beradi. Unda o‘zbek urug‘lari tarixining yangi tafsilotlari, ramzlari bor. Xalqimizning suronli, birlashganida g‘alabalar yor bo‘lgan,bo‘linganida mag‘lubiyatlar ichra kechgan harbiy tarixi ochib berilgan. Kitobning turli rasm, chizma, jadval, surat va reproduksiyalar bilan ta’minlangani uni qiziqarli, o‘qimli qilgan.

Muallifning prinsipial yondashuvlaridan biri – tarixiy voqealar va tarixiy shaxslarga xolis baho berish, tarixiy adolatni mahkam tutish. Buning misolini Xorazmshoh Sulton Muhammad shaxsiga munosabatda ko‘ramiz. Mo‘g‘ullar va sovetlar davri adabiyotlarida Xorazmshoh Sulton Muhammadni salbiy qahramon sifatida tasvirlash oddiy hol edi. Zero o‘zbek xalqining hech bir hukmdoru sarkardasi sovet tarixchilari tomonidan munosib e’tirof etilmagan. Aksincha, ularning shaxsini, ishlarini buzib ko‘rsatish odatga aylangan edi, deb hisoblaydi muallif.  

B.Abdirimov haq. Chunki uzoq yillar qahramon ajdodlarimizga mustamlakachilar tomonidan berilgan salbiy baho urf bo‘lib keldi. Bu esa bizning o‘z milliy tariximizga noxolis stereotip munosabatga aylantirildi. Chunki bizda ajdodlarimizning shaxsiy xususiyatlari, ularning qanday sharoitda qanday qaror qabul qilganliklari to‘g‘risida xolis manbalar yo‘q edi. Yosh olim B.Abdirimovning ilmiy xolislikka asoslangan, mashaqqatli izlanishlari evaziga erishgan yondashuvi ana shu g‘arazli va sinfiy yondashuvlar qorishig‘i o‘laroq shakllangan stereotiplarni sindiradi. Buni monografiyada keltirilgan bir muhim va biz uchun iftixorli fakt – Turkiyada Sogyut Bilejik viloyatidagi “Turk buyuklarining maydoni”da Amir Temur va Shoh Bobur qatorida Sulton Muhammadning ham byusti o‘rnatilgani tasdiqlaydi.  

Kitobning ma’naviy-ma’rifiy qimmati baland. Unda uch ming yildan ziyod davlatchilik tarixiga ega o‘zbek xalqining Vatan mustaqilligi uchun kurashlarda kechgan qonli va shonli tarixi bor. Qonli deyishimizga sabab – birlashmaslik, o‘zaro fitna-fasodlar, adovat, hasad, nafs qutqulari tufayli mag‘lubiyatlar. Kitobda ana shu ma’naviy illatlar tashqi dushmanlarga bizni qanday bog‘lab berganini – achchiq qismatlarni ko‘ramiz. Shonli tarix  deganda har qanday gina-kuduratlarni itqitib tashlab, bir maqsad, bir bayroq ostida birlashib, buyuk davlatlar, Renessanslarni yaratib, erishgan g‘alabalarimizni ko‘ramiz.B.Abdirimovning kitobi bizni tariximizda uchragan achchiq xatolarni takrorlamaslikni, aksincha, bizni birlashtirgan drayverlarni rivojlantirishimiz, “Milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari” g‘oyamiz ro‘yobi uchun bir jon, bir tan bo‘lishimiz shartligini uqtiradi.

Unda milliy qahramonlarimizdan biri Sulton Jaloliddin Manguberdi siymosiga, hayoti va qismatiga alohida o‘rin ajratilgan. Bu bejiz emas. Uning jasoratga to‘la hayoti, bosqinchilarga qarshi olib borgan mardonavor kurashi, metin irodasi, buyuk sarkardalik iste’dodi nafaqat o‘zbek xalqi, nafaqat turk dunyosi, nafaqat islom olami, balki jahon xalqlari uchun Vatanni qanday sevishning timsoli bo‘lib qoladi.

Xullas, “Xorazmiylar izini izlab...” kitobi xalqimizga go‘zal ma’naviy tuhfa bo‘lib, yoshlarimizga ajdodlarimizni qanday e’zozlashni, tarixni xolis, ilmiy tushunish va tushuntirishni, Vatanni qanday sevishni o‘rgatadi.

Muhammadjon Quronov,

Pedagogika fanlari doktori, professor

Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Vatanni sevish timsoli