Vatanni jo‘shib kuylovchi shoira
O‘zbekiston xalq shoiri Xosiyat Bobomurodova ijodining go‘zal va o‘ziga xos jihatlari uning xalqona ohang, samimiyat, yuksak vatanparvarlik va kuyinchak ona timsoli orqali aks etgan misralarida namoyon bo‘ladi. Shoira o‘z asarlarida insoniy tuyg‘ularni g‘oyat tabiiy va ta’sirchan tarzda kuylaydi.
Yozuvchilar uyushmasida O‘zbekiston xalq shoiri Xosiyat Bobomurodova bilan “Vatan yagonadir, Vatan bittadir” deb nomlangan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir she’riyat, ma’naviyat va Vatanga muhabbat tuyg‘ulari uyg‘unlashgan unutilmas ijodiy kechaga aylandi.
Adabiyot ixlosmandlari, taniqli ijodkorlar, ustoz va shogirdlar, yosh qalamkashlar jam bo‘lgan ushbu uchrashuvda o‘zbek she’riyatining yorqin namoyandasi Xosiyat Bobomurodovaning sermazmun ijodi, uning she’rlaridagi xalqona ohang, ona Vatanga sadoqat, insoniylik, mehr va fidoyilik tuyg‘ulari haqida atroflicha so‘z yuritildi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid Xosiyat Bobomurodovaning o‘zbek adabiyoti rivojiga qo‘shgan munosib hissasi, shoira ijodining xalq qalbiga yaqinligi hamda uning she’riyati samimiyat va hayot haqiqatlari bilan sug‘orilganini alohida ta’kidladi.
[gallery-29533]
E’tirof etilganidek, Xosiyat Bobomurodovaning she’rlari xalqning yuragidan joy olgan. Uning ijodida Vatan timsoli ona siymosi bilan uyg‘unlashadi.
Ijodiy uchrashuv davomida uyushma raisining birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo so‘zga chiqib, shoira ijodidagi ma’naviy qatlamlar, uning she’riy tafakkuri hamda adabiyotdagi o‘ziga xos ovozi haqida fikr bildirdi. U Xosiyat Bobomurodova she’riyati bugungi o‘quvchini ezgulikka, mehr-oqibat va Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.
Respublika “Nuroniy” jamg‘armasi boshqaruvi raisining o‘rinbosari, ustoz jurnalist va publitsist Sharof Ubaydullayev, “Ishonch” – “Ishonch-Doveriye” gazetalari bosh muharriri, ustoz publitsist Husan Ermatov, taniqli shoiralar Shahodat Isaxonova, Guljamol Asqarova va boshqalar shoira ijodining badiiy qudrati, undagi obrazlar tabiiyligi va poetik mushohadalarning teranligi haqida to‘xtalib, Xosiyat Bobomurodova she’rlari milliy adabiyotimizning ma’naviy xazinasidan munosib o‘rin egallaganini ta’kidladi.
Adabiy anjumanda ijodkorlar ustoz shoira Xosiyat Bobomurodova she’rlarida ayol qalbi, ona mehri va hayot sinovlari nihoyatda ta’sirchan ifoda etilganini, insoniy fazilatlarni ulug‘lash yetakchi o‘rin tutishini alohida e’tirof etdi.
Tadbirda shoira ijodining ayollar ma’naviyati va oila qadriyatlarini targ‘ib etishdagi o‘rni haqida fikr yuritildi. Yozuvchi Shahodat Isaxonova va shoira Guljamol Asqarova esa Xosiyat Bobomurodova bilan bog‘liq ijodiy xotiralari, adabiy suhbatlari hamda shoira shaxsiyatiga xos samimiyat haqida iliq mulohazalar bildirdi. Tadbir davomida shoiraning qizi Sadoqat Bobomurodova ham so‘zga chiqib, onasining ijod jarayonlari, oiladagi fazilatlari, insoniy qiyofasi haqida samimiy xotiralari bilan o‘rtoqlashdi. Ushbu chiqish tadbir ishtirokchilarida chuqur taassurot qoldirdi.
Ijodiy kechada yosh ijodkorlar tomonidan shoira she’rlaridan namunalar o‘qildi. Ayniqsa, ona yurt va inson qadri ulug‘langan she’rlar tinglovchilar qalbida hayajon uyg‘otdi.
Tadbir davomida Xosiyat Bobomurodovaning ijod yo‘li, adabiyotdagi xizmatlari, she’riyatidagi ma’naviy-estetik qarashlar haqida batafsil fikr almashildi. Shoira qalamiga mansub she’rlar yangrar ekan, undagi hayotiylik, xalqona hikmat va samimiy kechinmalar yana bir bor adabiyotning inson qalbini tarbiyalovchi buyuk kuch ekanini namoyon etdi.
“Vatan yagonadir, Vatan bittadir” deb nomlangan ushbu ijodiy uchrashuv she’riyat va ma’naviyat bayramiga aylandi. Uchrashuv qatnashchilari qalbida Vatanga muhabbat, milliy adabiyotga hurmat va ijodga sadoqat tuyg‘ularini yanada mustahkamladi. Mazkur adabiy anjuman o‘zbek she’riyatining yuksak an’analari davom etayotganini, ustoz ijodkorlar merosi yosh avlod uchun ibrat maktabi bo‘lib xizmat qilishini yana bir bor tasdiqladi.
N.Usmonova,
O‘.Hayitov (suratlar),
O‘zA muxbirlari