Vatanni asrash – har bir fuqaroning muqaddas burchi
Energetika vazirligida “Milliy armiya – ona yurt qalqoni, tinchligimiz posboni” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi hamda 14 yanvar - Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan o‘tkazilgan mazkur tadbirda Energetika vazirligi xodimlari hamda Mudofaa vazirligi Ma’naviyat va madaniyat departamenti vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olganlar yoshlar ongida vatanparvarlik tuyg‘usini uyg‘otish, ularni mamlakat taraqqiyoti va xavfsizligiga hissa qo‘shishga undashning ahamiyatiga urg‘u berdi. Vatanni asrash, rivojlanishiga hissa qo‘shish va xavfsizligini ta’minlash har bir fuqaroning muqaddas burchi hisoblanadi. Ona yurtga sadoqat va hurmat tuyg‘usi ularning ma’naviy barqarorligi va jamiyatdagi faol ishtirokini mustahkamlaydi. Shu bois, vatanparvarlik nafaqat tarix va davlat bilan bog‘liq, balki har bir insonning ma’naviy va ijtimoiy mas’uliyatidir.
Aynan shu mas’uliyatdan kelib chiqib, tadbirda yoshlar ongida vatanparvarlik ruhini shakllantirish, milliy armiyamizga bo‘lgan hurmat va e’tiborni yanada oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, energetika sohasi vakillari ham mamlakat iqtisodiyoti va barqaror taraqqiyotida muhim o‘rin tutuvchi sharafli kasb egalari ekani qayd etildi. Bu esa ishtirokchilarda o‘z soha va mamlakatlari uchun mas’uliyat hissini mustahkamladi.
Tadbir davomida Mudofaa vazirligi vakillari Qurolli Kuchlarning jamiyat hayotidagi o‘rni, harbiy xizmatning ahamiyati va asosiy vazifalari haqida atroflicha ma’lumot berdi. Ular yoshlar bilan muloqotda harbiy xizmat tartibi, tayyorgarlik jarayonlari va zamonaviy harbiy texnologiyalar haqida ham to‘xtalib o‘tdi.
Ochiq muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga harbiy mutaxassislardan to‘liq ma’lumot oldi. Shuningdek, tadbirda vatanparvarlikka oid videoroliklar, foto va illyustratsiyalar namoyish etildi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA