Vatanimizning mustahkam qalqonlari
14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni
O‘z elini yovdan qo‘riqlagan, yurt sha’nini ustun qo‘yib, o‘limga tik boqqan sadoqatli insonlar qadri hamisha ulug‘dir. Boisi hech bir xizmat Vatanni himoya qilish kabi chin ma’noda ulug‘vorlik kasb etmaydi. Mardona kurashish, qahramonlik ko‘rsatish ajdodlarimizdan bebaho hayotiy merosdir.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 33 yilligi hamda 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan poytaxtimizda joylashgan muhtasham «Xalqlar do‘stligi» san’at saroyida tantanali marosim tashkil etildi.
Tadbirda davlat va jamoat arboblari, harbiylar, shoir va yozuvchilar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 33 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevning bayram tabrigini O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri, general-mayor Shuhrat Xolmuhamedov o‘qib eshittirdi.
Prezident tabrigida bugungi kunda barchamiz, qaysi sohada ishlamaylik, Vatan himoyachisi bo‘lishimiz shartligi alohida ta’kidlanadi.
Tadbirning badiiy qismida Vatanimiz madhiyasi ijro etildi.
[gallery-21267]
Shundan so‘ng, Prezidentimiz tashabbusi bilan armiya tizimida ta’sis etilgan «Amir Temur jangovar bayrog‘i» mukofoti g‘olib bo‘lgan Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni general-mayor Farhodjon Shermatovga tantanali ravishda topshirildi.
Darhaqiqat, tariximiz zarvaraqlariga bitilganki, xalqimiz boshiga og‘ir, sinovli kunlar tushganda, uning ozodligi, xavfsizligini himoya qilishga qodir mard farzandlar dushmanga qarshi mardonavor kurashgan. To‘maris, Spitamen, Muqanna, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur kabi sarkardalarning nomlari necha asrlar o‘tsada, xalqimiz qalbida mangu yashamoqda. Ularning jasoratini davom ettirib, yurt osoyishtaligi va ravnaqiga hissa qo‘shayotgan mard o‘g‘lonlar faoliyati tantanali marosimda yana bir bor ulug‘landi.
Shuningdek, tinch va osuda yurtni, istiqlolimiz va shu yo‘lda tolmay xizmat qilayotgan mardlar, burchiga sodiq harbiylarni tarannum etuvchi badiiy-musiqiy chiqishlar namoyish etildi.
– Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan tadbirda ko‘p marta ishtirok etganmiz, – dedi O‘zbekiston “Veteran” jangchi-faxriy va nogironlar birlashmasi raisi o‘rinbosari, Toshkent shahar kengashi raisi, polkovnik Rustam Sultonov. – Bu galgi marosimda harbiylar, san’atkorlarning yurt haqidagi chiqishlari har galgidan-da to‘lqinlantirdi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Ko‘plab yo‘nalishlar qatori harbiy soha vakillariga davlatimiz tomonidan qaratilayotgan e’tiborni ularning ko‘zlaridan ham anglash mumkin. Haqiqatda yurakka yetib boradigan dastur namoyishiga guvoh bo‘ldik. Tashkilotchilarga buning uchun minnatdorlik bildiramiz.
Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddinjon Ismoilov ishtirok etdi.
Abdulaziz RUSTAMOV, Asliddin ALIJONOV, Rustam NAZARMATOV (surat), O‘zA