Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari Farg‘ona viloyatida 8 nafar edi. G‘alaba bayrami arafasida ular yetti kishi bo‘lib qolishdi.
Toshloqlik Odiljon ota Zokirov 1923 yilda, bundan 102 yil avval dunyoga kelgan. 17 yoshida ko‘ngilli bo‘lib Katta Farg‘ona kanalini qazish ishida qatnashdi. Shu yerda undagi qat’iyat shakllandi.
– 1939 yili Farg‘ona kanali qurilishida ishtirok etdim. 1940 yilda esa o‘zlashtirish uchun yer berishdi. 1942 yil sentyabrgacha ana shu yerga suv olib kelib ekin qildim. Sentyabrning 12-kuni esa urushga jo‘natishdi. 3 oy avval akam ketgan edi. Akam bilan Penza degan shaharda uchrashdik. Men uchun birinchi urush Lvov shahridan boshlandi. Erta tongda samolyotlar biz turgan joyni pulemyotdan o‘qqa tutdi. 14 kishi o‘lib, 22 tasi yarador bo‘ldi.
Xarkovdan boshlangan jangovar yo‘lda asta-sekin Ukraina, keyin Polsha, Chexoslovakiyadagi jangohlardan o‘tdi. Necha bor yaralandi, bombalangan maydonda qolib ketdi, lekin har doim iroda bilan yana jangu jadalga qaytdi.

– Yo‘lda eshalonga bomba tashlashdi. Lokomativ ishdan chiqdi. Men tuproq ostida qolib ketibman. Aytishlaricha, chamasi 2,5 soatdan keyin hushimga kela boshlabman. Dastlab qo‘lim jizzillaganini sezdim. Teri va suyaklarim kuygan edi. Birozdan so‘ng boshimda iliqlik sezdim. Chap oyog‘im ham jarohatlangan ekan. Hamshiralar yaralarimni bog‘lashdi. Gospitalga borishga ko‘nmadim, yana urushga kirdim. Keyin Varshava shahri, Polsha yerlarini ozod qildik.
Urush yillari ko‘rsatgan jasorati uchun Odiljon Zokirov yuksak mukofotlar bilan taqdirlandi.
– Mana bu “Jasorat”, bunisi “Shuhrat”, bunisi esa Ukrainani ozod qilganligi uchun, uning yonidagi Kyonsbergni ozod qilganimiz uchun, beshinchisi Ikkinchi jahon urushida qatnashganim uchun, mana bunisi esa Germaniya ustidan qozonilgan g‘alaba uchun men taqdirlangan orden va medallar, – deydi Odiljon ota faxr bilan.
Urushdan g‘alaba bilan qaytgan Odiljon Zokirov dehqonchilikni tanladi. Menga eng og‘ir yerlarni beringlar, dedi u.
– 40 yillik umrim dasht va cho‘llarda o‘tdi. Qoratepadan Bo‘zgacha yerlarni o‘zlashtirdik. O‘zim 3,5 ming gektar yerga paxta ekdim. Keyin kanal janubidan 50 gektar yer berishdi. Bu yerni ham o‘zlashtirib, paxtazorga aylantirdim. Shundan keyingina nafaqaga chiqdim.
Odiljon ota Zokirov bir asrdan ziyod umri davomida halol mehnat qildi, namunali oila boshlig‘i bo‘ldi. Uning o‘n nafar farzandi bo‘lgan.
– Hozir 8 tasi hayot, – deydi otaxon farzandlariga ishora qilib. –Kattasi 76, keyingisi 70, ikki kam 70, 65, eng kichkinasi esa 58 yoshda. Ulardan 44 ta nevara ko‘rdim. 140 ta chevaralarim bor, yana 40 ta evaralarim tug‘ilgan. Shu yilning o‘zida evaralar 9 taga ko‘paydi.
Odiljon ota bugungi kunga shukronalar aytib yashaydi. Haligacha farzandlariga nasihat qiladi. Kechagi kunni unutmaylik, deydi.
– 1927-1933 yillar juda og‘ir bo‘lgan edi. Esimda onalarimiz bir tishlam non va don uchun tilla taqinchoqlarini yig‘ishtirib berganlar.
Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Odiljon Zokirov davlatimiz, uning Prezidentidan ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik uchun minnatdor va har doim duoda.
– Vatanimiz tinch, yurtimiz obod bo‘lsin. Xalqimiz ham ittifoqlikda bo‘lsin, O‘zbekistonga ko‘z tegmasin. Urush bo‘lmasin. Prezidentimiz sog‘- salomat bo‘lib, uzoq yillar xalqimizga boshchilik qilsinlar, – deya ezgu niyatlar bildirdi otaxon.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/M7N05oTNPJw" title="“Vatanimiz tinch, yurtimiz obod bo‘lsin” deydi 102 yoshli Odiljon ota" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video, surat), O‘zA