“Vatanimga sadoqat bilan xizmat qilaman”
Bu so‘zlar harbiylashgan oliy ta’lim muassasalarida baralla jaranglamoqda. Joriy yilda o‘qishga qabul qilingan kursantlar ana shunday azmu qaror bilan harbiy ta’lim olishga kirishmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Jamoat xavfsizligi universitetida ham birinchi bosqich kursantlarining Vatanga qasamyodiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Aytib o‘tish joizki, Milliy gvardiya saflaridan joy olish ko‘pchilik yigit-qizlarning orzusi. Ulug‘ maqsad yo‘lida dastlabki qadamlar qo‘ygan, ya’ni joriy yil universitet kursantlari safiga qabul qilingan 240 nafar kursant boshlang‘ich kasbiy va jangovar ko‘nikmalarini oshirish maqsadida o‘quv-dala sharoitida mashg‘ulotlardan o‘tdi.

Tantanali tadbirda Milliy gvardiya qo‘mondoni general-mayor R.Jo‘rayev, Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari C.Cho‘lliyev, Prezident Administratsiyasi sho‘’ba mudiri M.Mirakulov, Harbiy prokuror o‘rinbosari Q.Isroilov, universitet boshlig‘i M.Rustamboyev, professor va o‘qituvchilar, faxriylar, jamoatchilik vakillari hamda kursantlarning ota-onalari ishtirok etdi.

Milliy gvardiya qo‘mondoni R.Jo‘rayev mustaqilligimizning 33 yillik bayrami arafasida Prezidentimizning universitetga tashrif buyurgani va unda amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanishib, universitet faoliyatini yanada takomillashtirish, zamonaviy xavf-xatarlarni o‘rganish va oldini olishga xizmat qiluvchi muhim maslahat va ko‘rsatmalar berganini alohida qayd etdi.
Davlatimiz rahbarining Mustaqilligimizning 33 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan tantanali marosimdagi nutqida “Tinchlikni saqlash faqat harbiylarning ishi bo‘lib qolmasligi kerak, bu barchamizning - har bir O‘zbekiston fuqarosining muqaddas burchi bo‘lishi shart. Yurtning kuchi – birlikda, qadri esa tinchlikdadir”, deya bildirgan fikrlari yodga olinib, bu barchaning, ayniqsa, yoshlar uchun eng muhim hayotiy vazifaga aylanmog‘i lozimligi ta’kidlandi.

Mehmonlar va ota-onalar kursantlarni tabriklar ekan, qasamyod har bir Vatan himoyachisi uchun muqaddas ekani, unga sodiqlik – berilgan va’daga vafo, or-nomusni himoya qilish kabi haqiqiy vatanparvarlarga xos bo‘lgan xususiyatlardan biri sanalishini e’tirof etdi.
Tadbir davomida kursantlar tomonidan qo‘l jangi va qurol bilan ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etildi hamda ma’rifatparvar jadid bobolarimiz haqida kuy va qo‘shiqlar kuylanib, badiiy sahna ko‘rinishlari mehmonlarga havola etildi.
N.Abduraimova,
O‘zA