Vatanga qasamyod
Qarshi shahridagi Harbiy aviatsiya institutida bir yillik harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarning Vatanga sadoqat qasamyodi marosimi tantanali ruhda bo‘lib o‘tdi.
Ushbu muhim marosim yosh askarlar hayotida unutilmas voqea sifatida muhrlanib, ularning Vatan oldidagi mas’uliyati va muqaddas burchini yana bir bor mustahkamladi. Tadbirda harbiy orkestr sadolari ostida saf tortgan harbiy xizmatchilar O‘zbekiston Respublikasiga sadoqat bilan xizmat qilishga, uning tinchligi, osoyishtaligi va hududiy yaxlitligini himoya qilishga tantanali ravishda qasamyod qildi.
Marosimda so‘z olganlar yosh askarlarning yuksak ruhiyati, intizomi, jasorati va vatanparvarlik tuyg‘ularini alohida e’tirof etdi. Ta’kidlanganidek, Vatanga qasamyod bu shunchaki marosim emas, balki har bir harbiy xizmatchining hayotidagi eng sharafli va mas’uliyatli qadamdir. U askar qalbida sadoqat, fidoyilik va matonat tuyg‘ularini yanada mustahkamlaydi.
Shuningdek, tadbirda ota-onalar va yaqinlar ham ishtirok etib, farzandlarining ana shunday sharafli yo‘lni tanlaganidan faxr va g‘urur tuyg‘ularini izhor etdi.
[gallery-29011]
Marosim yakunida harbiy xizmatchilar tomonidan saf ko‘rigi va namunali chiqishlar namoyish etildi. Ayniqsa, harbiy tayyorgarlik, jismoniy chiniqish va jangovar mahoratni aks ettirgan chiqishlar yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
Ko‘tarinki kayfiyat va yuksak vatanparvarlik ruhida o‘tgan mazkur tadbir yosh askarlar uchun haqiqiy jasorat hamda sadoqat maktabiga aylandi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari