Vatandoshlar farzandlari oromgohda
Shu kunlarda xorijiy mamlakatlardagi vatandoshlarning farzandlari uchun Toshkent viloyatida “Anor” loyihasi bo‘yicha yozgi dam olish oromgohi faoliyat yuritmoqda. Unda AQSH, Ispaniya, Fransiya, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston davlatlaridagi 45 nafar vatandoshlarning farzandlari hordiq chiqarmoqda. Ular uchun bu yerda barcha sharoit yaratilgan va turli ijtimoiy tadbirlar tashkil etilmoqda.
Xususan, Vatanimiz mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan “Ma’naviyat festivali” o‘tkazildi. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati hamda “Vatandoshlar” jamoat fondi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda asosiy e’tibor xorijdagi hamyurtlarimiz qalbida yurt bilan faxrlanish tuyg‘usini mustahkamlash, u yerda tug‘ilib o‘sayotgan farzandlar orasida milliy qadriyatlarimiz va ona tilimizni keng tarannum etishdir.
[gallery-18724]
– Farzandim Fransiyada ulg‘aygani sababli, ona tilimizni bilmas edi, – deydi Fransiyadagi ”BAHOR” brendi asoschisi, vatandoshimiz Navbahor Xaniyazova. – Oilada imkon qadar o‘zbek tilida gaplashishga harakat qildim. Atrofida boshqa tilda so‘zlashuvchilar ko‘p bo‘lganligi uchun tilni to‘liq o‘rgatishga erishmadim. Oromgohga taklif etishganda, til o‘rgatish uchun yana bir imkoniyat deb bildim. Adashmagan ekanman. Qizim bilan telefon orqali muloqot qilganimda uning “Assalomu alaykum, onajon” degan jumlalarni eshitib, ko‘zimga yosh oldim. Loyiha tashabbuskorlari Fondga o‘z minnatdorligimni bildiraman.
Tadbirda “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari Shahlo Ahrorova, Dilshod Rajabov, aktyor Mehmonali Salimov, xonandalar Adolat Ismoilova va Bekzod Eshonov ham qatnashib, yoshlarga o‘z tilaklarini bildirdi. Qiziqarli savol-javoblar, viktorinalar o‘tkazilib, bolalarga badiiy kitoblar taqdim etildi. Jonajon Vatanimizni madh etuvchi she’r va qo‘shiqlar, ma’naviy-ma’rifiy suhbatlar bolalarga zavq bag‘ishladi. Uchrashuvdan so‘ng vatanga muhabbat, serquyosh yurtimizning jozibasi haqida hikoya qiluvchi “Quyosh ta’mi” filmi namoyish etildi.
A.Musayev,O‘zA.