Vatandoshim,siz yolg‘iz emassiz!
Yangi qaror
Olisdagi vatandosh. Kimdir omad, birovi o‘zi uchun maqbul muhit, yana boshqasi vaziyatga ko‘ra moddiy farovonlik, rag‘bat izlab xorijda mehnat qilmoqda. Biz istaymizmi, yo‘qmi, mustaqillik qo‘lga kiritilgan dastlabki yillarda yuzaga kelgan ayrim qiyinchiliklar tufayli hamyurtlarimizning muayyan qismi chet ellarga ishlash uchun chiqib ketdi. Xorijga ta’lim olish istagida nufuzli oliy ta’lim dargohlariga ketgan yoshlarimizning yaxshigina qismi ham iste’dodi, salohiyati bois, o‘sha xorijiy davlatlardagi nufuzli kompaniyalar, bank-moliya, iqtisodiyot, ilm-fan yo‘nalishidagi tuzilmalarida nodir mutaxassis sifatida ishga olib qolindi.
Aslida dunyoda kechayotgan global integratsiyalashuv jarayonida mutaxassis yoki talabaning o‘zi ma’qul deb bilgan yurtga borib ishlashi, izlanishi, tahsil olishi odatiy holdir. Taniqli o‘zbek rejissyori Yusuf Roziqov har gal yangi film yaratganida, o‘zimizning O‘zbekistonimizda ishlab, ijod qilishni, uning puxta kartinalari esa "O‘zbekiston rejissyori tomonidan ishlangan" degan nom bilan ekran yuzini ko‘rishini juda istayman. Lekin Yusuf akaning ham o‘z rejasi, ijodiy maqsad-muddaolari borki, ularni qayerda amalga oshirish yoki ro‘yobga chiqarish faqatgina ijodkorning o‘z istagiga bog‘liqdir.
Ayni damda xorijdagi filarmoniyalar, ijodiy jamoalar, studiyalar, opera teatrlarida mehnat qilayotgan musiqachilarimiz, dirijyorlar, rejissyorlar, opera xonandalari, san’at yo‘lidan borgan ijodkor ziyolilar ko‘pchilikni tashkil etadi. Ularning ayrimlari garchi o‘zga yurt fuqaroligini rasman olgan bo‘lsa-da, hanuz-hamon O‘zbekiston nomi va bayrog‘i ostida turli tanlovlar, festivallarda, konsertlarda ishtirok etishi, muqarrar g‘oliblikni jonajon O‘zbekistonimizga daxldor bilishi odamni to‘lqinlantirib yuboradi. Aziz Shohakimov, Nodir Hoshimov, Behzod Abduraimov, Barno Ismatullayeva kabi yana ko‘plarning nomlarini sanab o‘tish mumkin. O‘z iste’dodini baralla namoyish etayotgan bu va boshqa vatandoshlarimizning ijodiy ish rejasi bir hafta yoki bir oy emas, bir yil avval tuzilgan bo‘lib, unga og‘ishmay amal etilishi yaxshi ma’lum.
Bugun vatandoshlarimizning dunyodagi yetakchi bank-moliya, axborot-kommunikatsiya, tibbiyot, innovatsion texnologiyalar, san’atning turli yo‘nalishlaridagi kompaniya va tashkilotlarda, xorijiy jamoalarda samarali mehnat qilayotgani yaxshi ma’lum.
Lekin... Xorijdan omad va tole, moddiy rag‘bat o‘rniga buning aksini topgan, o‘z kasbiy salohiyati, hayotiy imkoniyatini to‘g‘ri baholay olmay, og‘ir va murakkab ahvolga tushib qolgan hamyurtlarimizning ham borligi juda afsuslanarli holatdir. Keyingi yillarda chet ellarda og‘ir ahvolga tushib qolgan yurtdoshlarimizni tegishli ko‘mak ko‘rsatish, ularni o‘z muammolari bilan yolg‘izlatib qo‘ymaslik borasida ko‘plab amaliy ishlarga qo‘l urilmoqda.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 11 avgustdagi "Vatandoshlar” jamoat fondini tashkil etish to‘g‘risidagi qarori nazarimda hech qaysi hamyurtimizni – O‘zbekistondagiyu chet eldagi odamlarimizni befarq qoldirmadi. Ushbu hujjat xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarni tarixiy Vatani atrofida yanada jipslashtirish, ularning qalbi va ongida yurt bilan faxrlanish tuyg‘usini yuksaltirish, milliy o‘zlikni saqlab qolish, vatandoshlar va ular tomonidan tuzilgan jamoat birlashmalarini qo‘llab-quvvatlash, turli sohalarda faoliyat yuritayotgan vatandoshlarimizning salohiyatini mamlakatimiz taraqqiyotiga samarali yo‘naltirishdek maqsadlarni ko‘zlaydi.
"Vatandosh" fondi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari
xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar va ular tomonidan tuzilgan jamoat birlashmalari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish,
xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari va normalari, vatandoshlar istiqomat qilayotgan mamlakatlarning qonunlari va O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari asosida xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarning huquq va erkinliklarini himoya qilishga ko‘maklashish,
xorijda murakkab hayotiy vaziyatga tushib qolgan vatandoshlarni belgilangan tartibda moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularga axborot jihatidan va huquqiy yordam ko‘rsatishdan iboratdir.
Shu bilan birga xorijda o‘zbek tili, madaniyati va an’analarini saqlab qolish va rivojlantirish, xorijda yurtimizning boy ilmiy, madaniy va ma’naviy merosini keng targ‘ib qilish va ommalashtirish, vatandoshlarga madaniy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etishda ko‘maklashish,
vatandoshlar tomonidan tashkil etilgan jamoat birlashmalari faoliyatini rag‘batlantirish, ularga xorijda o‘zbek milliy madaniy markazlarini tashkil etishda amaliy yordam ko‘rsatish va boshqa ko‘plab ezgu maqsadlarni ko‘zlashi bilan e’tiborga molikdir.
Prezidentimiz rasmiy yoki davlat tashrifi bilan qaysi davlatga bormasin, chet ellardagi vatandoshlarimiz bilan uchrashishni, dildan gurunglashishni, ularni o‘ylantirayotgan muammolarni sinchiklab o‘rganishni, orzu-umidlari, armonu quvonchlariga ma’nan bo‘lsa-da sherik bo‘lishni kanda etmaydi. E’tiborga molik jihati, chet ellardagi vatandoshlarimiz ham Yurtboshimizni lovullagan nigoh, ayricha intiqlik, cheksiz hurmat, katta ehtirom, olqishlar bilan kutib olganiga, yuragidagi borini to‘kib solganiga ko‘p marta guvoh bo‘lganmiz."Vatandosh" jamoat fondining tashkil etilishiga oid tashabbus bu boradagi yana bir amaliy qadam, deyish mumkin.
Bularning barchasi kurrai zaminimizning qay chekkasida bo‘lmasin, vatandoshlarimiz doimiy davlat va jamiyat e’tiborida ekanining yana bir amaliy tasdig‘idir.
Nazokat Usmonova, O‘zA