Shunday so‘zlar borki, ularni tilga olganingda hayajonlanasan, qalbingda bir dunyo surur tuyasan. “Vatan” ana shunday qutlug‘ va zalvorli so‘zlardan biridir.
O‘zbekistonda ana shunday ulug‘ nom – “VATAN” deya yuritiladigan jurnal chop etila boshlandi.
Avvalo, shuni alohida ta’kidlash joizki, dastlabki sonlaridan jurnal o‘z shakl-shamoyili, mazmun-mundarijasi, asosiy yo‘nalishlariga ega bo‘lib bormoqda.
O‘quvchilar jurnalning dastlabki sonida qardosh Ozarbayjon xalqining taniqli shoiri Akif Bag‘irning “O‘zbek kelayotir” she’rini muqovada ko‘rib, ko‘nggillari g‘ururga to‘lgan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning: “O‘zbekistonning har bir farzandi xalqimizning birdamligi uchun kurashib yashashni o‘z hayotining ma’nosi deb bilmog‘i kerak! Biz bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” degan so‘zlarini, O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovning “Sen Vatan haqida berma ko‘p savol, Vatan tanangdadir, jondir, qondir bu, Vatanni sevmoqlik imtihondir bu” satrlarini, buyuk jadid Abdurauf Fitratning bundan 107 yil muqaddam, 1917 yil Samarqandda “Hurriyat” gazetasida chop etilgan “Turon yovini quvgali to‘fonmi kerakdir? Turon, yigiting, barchaga boq, qalqdi oyoqg‘a” degan kuch-quvvat va ehtiroslarga to‘la misralarini o‘qib, hayajonga, o‘yga tolgan, Amir Temur, Alisher Navoiy, Muhammad Shayboniyxon bilan bir qatorda Vatan va qahramonlik timsoli bo‘lmish afsonaviy Alpomish haqida yangi bitilgan asarlardan ma’naviy rohatlangan edilar.

“VATAN”ning ikkinchi soni o‘quvchilarda unga bo‘lgan mehrni, qiziqishni yanada mustahkamladi. Jurnalda chop etilgan har bir material avvalambor, katta ko‘lamdagi dolzarb mavzuning ko‘tarilishi, mualliflarning masalaga hassos tadqiqotchi sifatida chuqur kirib borishi, kutilgan va hatto kutilmagan, lekin mantiqiy asoslangan xulosalar chiqarishi bilan diqqatga sazovordir.
Jurnal muqovasida o‘zbek tuprog‘ida tug‘ilib o‘sgan taniqli ulamo–shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning portreti, 10-17 betlarda esa “Vatandan, xalqidan malomat qilmagan Shayx” sarlavhali “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf” nomidagi jome’ masjidi imom-xatibi Ismoil Muhammad Sodiq bilan suhbat berilgan.

Jurnal O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Milliy tariximizda yorqin iz qoldirgan birinchi va ikkinchi Renessanslar zamirida avvalo ilm-fan yutuqlari mujassamdir. Bugun biz barpo etayotgan uchinchi Renessans poydevori ham, hech shubhasiz, inson kapitali, ilm-fan, innovatsiya va yangi kashfiyotlar asosida bunyod qilinadi” degan so‘zlari bilan ochiladi. Ulug‘ jadid bobomiz Cho‘lponning “Go‘zal Turkiston, senga ne bo‘ldi?” deb boshlanadigan, alam va dardlarga to‘la she’ri bilan davom etadi.
Chop etilgan jiddiy ilmiy-nazariy tadqiqotlardan biri iqtisod fanlari doktori, akademik Nurislom To‘xliyevning “Mintaqa mamlakatlari iqtisodiy hamkorligi. Zarurat, imkoniyat va natijalar” nomli maqolasidir. “Mamlakatimizning qo‘shnilarimiz bilan tashqi savdo aloqalaridagi o‘zgarishlar mintaqa respublikalarining bu boradagi statistikasini ijobiy tomonga burib yubordi, – deb yozadi olim. – Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorligi dasturi Afg‘oniston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Mo‘g‘uliston, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonni birlashtirdi. Dasturni oltita yirik moliyaviy institut, jumladan, Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Xalqaro valyuta fondi, Osiyo taraqqiyot banki qo‘llab-quvvatladi”.
Jurnalning 2-sonidan taniqli yozuvchi va shoirlar Xayriddin Sultonovning “Onamning yurti”, O‘zbekiston xalq shoirlari Muhammad Yusufning “Ulug‘imsan, Vatanim!”, Sirojiddin Sayyidning “Vatan abadiy”, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tog‘ay Murodning “Yurt qo‘shig‘i”, yozuvchi Shoyim Bo‘tayevning “Tayanch nuqtasi” nomli hikoya, she’r, badiha va maqolalari ham o‘rin olgan.
Jurnalda xalqaro mavzuga ham katta e’tibor qaratilgan. Jumladan, Turkiyaning Bursa shahridan Buyuk millat majlisi deputati Osman Mestinning “O‘zbekiston buyuk Turkistonning qalbidir” nomli maqolasi chop etilgan, O‘zbekistonning Xitoydagi elchisi Farhod Arziyevning “O‘zbekiston – Xitoy: o‘zaro do‘stlik, ishonch va teng manfaatli hamkorlik” nomli maqolasida “O‘zbekiston – Xitoy munosabatlari o‘zining “oltin davr”iga qadam qo‘ydi. Ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi yaqin va samimiy do‘stlik, o‘zaro mustahkam ishonch O‘zbekiston – Xitoy munosabatlari rivojining asosiy omili va poydevori bo‘lib xizmat qilmoqda” deb yozadi muallif.
Bugun O‘zbekiston yangi yuksalish davrida ekanligi, Samarqand XXI asrning sayqaliga aylanayotgani haqida Samarqand viloyatining hokimi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining a’zosi Erkinjon Turdimovning “Yana “Yer yuzining sayqali”ga aylanayotgan Samarqand” nomli maqolasida gap boradi.
Yana bir e’tibor ila o‘qiladigan material 1939 yili O‘zbekistonda tug‘ilib, respublikamizning bir qator idoralarida ishlagan, hozir Moskva shahrida istiqomat qilayotgan Anna Goncharovaning “Shavkat Mirziyoyev o‘zbekning fidoyi farzandi” nomli maqolasidir. “Samarqandda tug‘ilib o‘sganman, lekin yaqinda borib qadrdon shahrimni tanimay qoldim. Biram go‘zal, o‘ta zamonaviy bo‘lib ketganki, asti qo‘yaverasiz. Poytaxtimizdagi o‘zgarishlar-chi, – deb gapini davom ettiradi Anna. – “Toshkent Siti, “Humo” arenasi, “Yangi O‘zbekiston” bog‘i, yer usti metrosi, yangi-yangi mavzelar, osmono‘par binolar ... Qay birini aytay?” – deydi Moskvadagi sobiq hamshahrimiz Anna Goncharova.
“Vatan, to tanda jonim bor, Seningdirman” deb nomlangan maqolada “2020 yilning sentyabrida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT minbaridan turib tarixda ilk bor o‘zbek tilida nutq irod qildi. Janob Prezidentning ayni siyosiy irodasi qalblarimizda mudrab yotgan g‘ururni olovlantirdi. Yurtboshimiz bu irodasi bilan necha yillar sha’ni yerga urilgan millatimiz, yurtimiz qadrini ko‘targan, dunyoda o‘zbek degan millat bor, deya jahonga baralla aytgan edi”, – deb yozadi Turkiston – Amerika uyushmasining prezidenti Abdulla Xo‘ja.
Jurnalga yaxshi fotosuratlar, grafikalar bilan jilo berilgan.
Muxtasar aytganda, O‘zbekistonda yangi nashr paydo bo‘ldi. Dastlabki sonlarining mundarijasi nashr xalqimiz qalbidan o‘rin olishi, sevimli jurnallaridan biriga ayylanishiga umid uyg‘otadi. Muhimi, jurnal odamlarning qalblariga g‘urur, iftixor tuyg‘ularini joylab, o‘quvchilarining yuragiga yo‘l topayotganidadir.
“VATAN” jurnali jamoasiga yangi ijodiy yutuqlar tilaymiz.
O‘zA