“Vatan uchun, millat, uchun, xalq uchun!”
Namanganda O‘zbekiston Respublikasi davlat Mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yilligiga bag‘ishlangan “Eng ulug‘, eng aziz” respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi g‘olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
Viloyat “Matbuot uyi”da bo‘lib o‘tgan ushbu tanlovda belgilangan yetti yo‘nalishda gazeta-jurnal tahririyatlari, teleradio va internet jurnalistikasi muxbirlari, shoir-yozuvchilar, mo‘yqalam va foto ustalaridan iborat 105 nafar ijodkorning mamlakatimizda so‘nggi yillarda erishilgan olamshumul yutuqlarni o‘zida mujassam etgan besh yuzga yaqin ijodiy ishlari ko‘rib chiqildi.

Prezidentimizning 2025 yil 10 iyulda qabul qilingan istiqlol bayramini munosib nishonlashga qaratilgan qarori ijrosi doirasida, “Vatan uchun, millat, uchun, xalq uchun!” shiori ostida tashkil etilgan tantanali tadbirda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Namangan viloyati bo‘limi rahbari Musoxon Apaqov, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Namangan viloyati bo‘limi raisi Nosirjon Dehqonov, viloyat hokimligi mas’ul xodimi Dilmurod Nurmatov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari, shoir Ziyoviddin Mansurov so‘nggi yillarda mamlakatimizda “Inson qadri uchun, inson baxti uchun!” tamoyili asosida barcha sohalarda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar samaralari, xususan ijodkorlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rliklar misolida o‘z isbotini topayotganligini e’tirof etdilar.

Bu galgi tanlov ham an’anaga muvofiq ko‘tarinki va qizg‘in raqobat ruhida kechdi. Ayniqsa, tanlovning “Tasviriy san’at, foto va dizayn ishlari” yo‘nalishida 44 nafar talabgor tasviriy san’at, rang-tasvir, miniatyura, foto-suratga doir ijod namunalarini hakamlar hay’atiga taqdim qilganligini aytib o‘tish joiz. Qolaversa, matbuot hamda kitob yo‘nalishida ham har qachongidan ko‘proq nomzodlarni o‘ziga qamrab oldi.
Yosh rassom Shahlo Mamadjonova Namangan davlat universiteti pedagogika fakulteti, dastgohli rang tasvir yo‘nalishida tahsil olgan. O‘tgan bir yil ichida u oliygohda, viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyida, Chust tumanidagi madaniyat va istirohat bog‘ida turli mavzularda shaxsiy ko‘rgazmalarini namoyish etgan. Rassom ona yurtimizning betakror manzaralari yuksak mahorat ila tasvirlagani tahsinga loyiq.

Internet jurnalistikasi yo‘nalishida O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabasi, hozirga qadar Ozarbayjon, Turkiya, Pokiston, Italiya, Albaniya, Keniya, Belgiya kabi dunyoning yigirmaga yaqin davlatlaridagi elektron va bosma nashrlarida O‘zbekistonimizning madaniyati, san’ati va tarixi keng targ‘ib qilingan yosh, iste’dodli qalamkash Jahongir Namozov hakamlar e’tirofini qozondi.
Ishoqxon Ibrat nomidagi ijod maktabi o‘quvchisi Nigora Tursunboyevaning ilk kitobi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan “Birinchi kitobim” loyihasida chop etilgan. Uning “Tuyg‘ular jilosi” nomli she’riy kitobi tanlovda e’tirof etildi. O‘zbekiston Milliy universiteti talabasi, yosh publitsist Jahongir To‘xtasinov esa o‘qituvchilar haqidagi lavha, esse va ocherklari jamlangan “Zarhal e’tiroflar” kitobi uchun munosib taqdirlandi.

Hakamlarning xulosasiga ko‘ra, “Bosma ommaviy axborot vositalari xodimlarining eng yaxshi jurnalistik ishlari yo‘nalishi”da Namangan shahri hokimligining “Namangan sadosi” gazetasi tahririyati, “Teleradio ijodkorlarining eng yaxshi materiallari” uchun “Zo‘rTv” kanalining Namangan viloyati bo‘yicha muxbiri Hulkar Ismoilova, “Internet jurnalistikasi” bo‘yicha “Namangan today” axborot sayti bosh muharriri Sanjarbek Hamidov, “Jurnalistlar tomonidan nashr etilgan publitsistik mavzudagi eng yaxshi kitoblar” yo‘nalishida faxriy jurnalist va yozuvchi Rahimjon Irisov “Zulmatdan ziyo” kitobi uchun, “Yozuvchi va shoirlarning eng yaxshi badiiy asarlari” bo‘yicha Qambar Haydar “Qiyomatli do‘st” kitobi uchun, “Tasviriy va amaliy san’at, foto va dizayn” yo‘nalishida ustoz-murabbiy rassom Bekzod Zokirov g‘olib, deb topildi.

Tadbirda xonandalarning kuy-qo‘shiqlari, shoirlar mushoirasi tadbirga yanada fayz kiritdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri