“Vatan taraqqiyotiga mening hissam”
Buxoroda mazkur mavzuda o‘tkazilgan respublika tanlovining viloyat bosqichi g‘oliblari aniqlandi.
– Tanlov yoshlarni zamonaviy bilim va tajribalar, milliy, umumbashariy qadriyatlar asosida mustaqil hamda mantiqiy fikrlaydigan qilib tarbiyalash, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yangidan-yangi iste’dodlarni kashf etishda muhim poydevor bo‘lmoqda, – deydi tadbirning ochilish marosimida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Buxoro viloyati bo‘limi rahbari Marhabo Pardayeva. –Tanlov mamlakatimizning barcha hududlarida ilm-fan, san’at va madaniyat, axborot texnologiyalari, badiiy ijod, arxitektura va dizayn, tadbirkorlik va hunarmandchilik kabi sohalarda faoliyat yuritayotgan hamda yuqori natijalarga erishayotgan iqtidorli yoshlarni aniqlash va munosib rag‘batlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Tadbirda “Tasviriy va amaliy san’at”, “Adabiyot va publitsistika”, “Milliy maqom va milliy estrada” yo‘nalishlarida shahar hamda tuman bosqichi g‘oliblari bahslashdi.
Tanlovda hakamlar hay’ati ishtirokchilarni munosib baholab bordi. G‘oliblar 1-,2-,3-o‘rinlar bilan baholandi.

Tadbirda faol ishtirok etgan va turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritgan ishtirokchilarga qimmatbaho sovg‘a, diplom hamda kitoblar topshirildi.

Ma’lumot uchun tanlov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 26 martdagi “Ma’naviyat va ijodni qo‘llab-quvvatlash maqsadli jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risida”gi va “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlarida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, shuningdek, mamlakatimizda yoshlarni zamonaviy bilim va tajribalar, milliy va umumbashariy qadriyatlar asosida tarbiyalash, ular o‘rtasida ilm-fan, san’at, madaniyat, axborot texnologiyalari, badiiy ijod, arxitektura, dizayn, tadbirkorlik va hunarmandchilik kabi sohalarni yanada ommalashtirish, iste’dodli, tashabbuskor, o‘z kasbining ustasi bo‘lgan iqtidorli yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan.
Zarif Komilov,
O‘zA