Vatan muqaddas – uni himoya qilish sharafli burchdir
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining Termiz dala o‘quv poligonida Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi harbiy qism va muassasalaridagi batalon (divizion), vzvod (batareya) komandirlarining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari uchun uch kunlik o‘quv uslubiy yig‘in o‘tkazilmoqda.
“Jangovar vzvod” yili munosabati bilan tashkil etilgan yig‘in batalon (divizion), vzvod (batareya) komandirlarining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari shaxsiy tarkibining axloqiy-ruhiy barqarorligini ta’minlash, “Vatan muqaddas – uni himoya qilish sharafli burchdir”, degan konseptual g‘oya asosida jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik mashg‘ulotlari, jangovar xizmat vazifalarini bajarishda harbiy xizmatchilarning ahloqiy-ruhiy tayyorgarliklarini samarali yo‘lga qo‘yishga o‘rgatadi.
Yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida o‘tkazilayotgan barcha tadbirlarni sifatli va samarali tashkil etish ko‘nikmalarini mustahkamlab, shaxsiy tarkibning ijtimoiy-maishiy muammolarini tinglash, talab va ehtiyojlarini o‘rganishga qaratilgan ishlar natijadorligini oshirishga ko‘maklashadi.
Tadbirning dastlabki kuni Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, polkovnik I.Mallayev tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar, axloqiy-ruhiy tayyorgarlik, huquqbuzarliklar profilaktikasi va harbiy intizomni mustahkamlash, davlat va jamoat tashkilotlari hamda yoshlar bilan o‘tkaziladigan tadbirlar va harbiy xizmatchilarni ijtimoiy qo‘llab- quvvatlash yo‘nalishlari bo‘yicha ma’ruza qildi.
Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevning “Ta’kidlash kerakki, milliy armiyamizning kuch-qudrati, azmu shijoati va har ishda yetuk salohiyatli harbiy xizmatchilarimizning, bag‘ri keng va olijanob xalqimizning birligi hamjihatligidadir. Ishonchim komilki, ana shunday buyuk ma’naviy qudrat manbai bor ekan, el yurtimizning tinch va osoyishta hayoti, Vatanimiz mustaqilligiga hech qanday yovuz kuch raxna sololmaydi, demokratik islohotlarimizni yo‘lidan hech qachon ortga qaytara olmaydi”, degan purma’no so‘zlarining mazmun-mohiyatini tushuntirib berdi.
Shuningdek, ishtirokchilar Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug axloqiy-ruhiy tayyorgarlik bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik A.Jafarovning hafta davomida tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar yo‘nalishida o‘tkaziladigan tadbirlar va ular bo‘yicha hisobotlarni yuborish tartibi va “Buyuk sarkardalar harbiy san’ati” bo‘yicha sinflar yaratish mavzuidagi ma’ruzalarini tinglab, taklif va tavsiyalarini bildirdi.
Vatanimiz himoyachilarining o‘quv uslubiy yig‘ini qizg‘in bahs-munozaralar bilan davom etmoqda.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA