Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!
Har insonning hayotiga, birodar –
Eng avvalo urib turgan qalb kerak!
Yana unga lozimdir uch ifoda:
Vatan kerak, millat kerak, xalq kerak!
Der: “yaxshidan qolar faqat yaxshi nom”,
Topa olsang chin hayotga mos yo‘llar.
Sen yaxshi bo‘l, borliqni sev, vassalom:
Vatan qo‘llar, millat qo‘llar, xalq qo‘llar!
Hatto qultum suv totini bilmaslar
Vatanidan ayro bo‘lgan har inson.
O‘zni tani, o‘zligingni bil dastlab -
Vatan sensan, millat sensan, xalq sensan!
Sen dunyoga uyg‘oq nazar solgin-da,
Qara, qancha g‘alayon-u xavf turar!
Tinchlik uchun bayroqdor bo‘l, ortingda –
Vatan turar, millat turar, xalq turar!
Haqiqat shul – olam bo‘lar guliston,
Har bandaning uyg‘oq bo‘lsa qalb ko‘zi.
To bor ekan – yurak tolmas urishdan –
“Vatan” so‘zi, “millat” so‘zi, “xalq” so‘zi!
Bu so‘zlarni his qilmaslik zo‘r aybdir,
Tuproq – nomus, yigit uchun, mard uchun!
Baxsh etmasang, tanangdagi jon hayfdir –
“Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!”
Orif TO‘XTASH
2025 yil, 15 avgust