27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi muassisligida chop etilayotgan “Vatan” jurnali qisqa fursat davomida nainki mamlakatimiz, balki xalqaro miqyosda ham muxlislar e’tiborini qozona olgan nashr sanaladi.
Yaqinda mazkur nashrning 2025 yil uchun 2-soni bosmadan chiqdi. Aytish kerakki, “Vatan” jurnali yangilanayotgan mamlakatimizda kechayotgan jarayonlarning mohiyatini yurtdoshlarimiz va xalqaro miqyosda targ‘ib etishda, milliy o‘zlikni anglash, yurt fidoyilari, tarixning biz bilgan va bilmagan sahifalarini keng o‘quvchilar ommasiga yetkazishda munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Ushbu jurnal bosh muharriri, ustoz jurnalist, yozuvchi va publitsist, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Husan Ermatovning ta’kidlashicha, jurnaldagi har bir maqola mamlakatimiz va chet ellik yetuk mutaxassislar, yozuvchi va jurnalistlar muallifligida teran tahliliy tadqiqoti bilan yondashuv asosida bir-ikki kunda emas, balki 3-4 oy davomida tayyorlanishi har bir materialning pishiq-puxtaligi, badiiy mukammalligi, ishonchliligini ta’minlashga zamin yaratadi.
Jurnalning ilk muqovasida 20 asrda sun’iy intellekt ustida ishlagan o‘zbek olimi, akademik Vosil Qobulov suratining keltirilishi yurtimiz olimlari jahon ilm-fani rivojiga barcha zamonlarda munosib hissa qo‘shib kelganini anglatadi.
Nashrning dastlabki sahifasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Jahon ilm-fani va madaniyatiga ulkan hissa qo‘shgan, barchamizning faxr-iftixorimiz bo‘lgan buyuk ajdodlarimiz merosini chuqur o‘rganish va dunyoga tarannum etish biz uchun sharafli va mas’uliyatli vazifadir”, degan hikmatli so‘zlarining keltirilgani “Vatan” jurnalida jamlangan barcha materiallarning umumiy va asosiy g‘oyasini o‘zida mujassam etadi.
Jurnalning mazkur nashrida O‘zbekiston Respublikasi tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri Bobir Islamovning “O‘zbekistonning ochilmagan konlari yangi imkoniyatlar uchun yo‘l ochadi” nomli maqolasida bugungi kungi tog‘-kon va geologiya sanoatimizning shakllanishi, uning rivojlanishi istiqbollari haqida teran tahliliy fikrlar bildirilgan.
Mamlakatimizda jadal kechayotgan yangilanishlar jarayonida aholini kuchli ijtimoiy himoyalash masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. G.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent filiali “Mehnat iqtisodiyoti va boshqaruv” kafedrasi katta o‘qituvchisi Saidaxon G‘afurjonovaning “Kelajak bugundan boshlanadi yoxud O‘zbekistondagi ijtimoiy islohotlarning yangi to‘lqini” sarlavhali maqolasida ijtimoiy jabhalardagi tub ijobiy o‘zgarishlar fakt va raqamlar, soha mutaxassisining tahliliy nigohi yordamida batafsil ochib berilgan.
Jurnaldagi “Vosil Qobulov – algoritm ilmining darg‘asi” nomli maqola o‘zini shu yurtning farzandi, deb bilgan har qanday insonni befarq qoldirmasligi aniq.
Millatimiz oydini, taraqqiyparvar bobomiz Munavvarqori Abdurashidxonovning bundan qariyb 120 yil avval – 1906 yil 14 iyun kuni tayyorlagan “Bizni jaholat – jahli murakkab” nomli maqolasi ta’lim, millat kelajagi, maktablardagi holat haqida bildirgan fikrlari bugun ham o‘zining dolzarbligini yo‘qotmagani bilan ahamiyatlidir.
O‘zbekiston xalq shoiri, betakror ijodkor Rauf Parfining “Ona Turkiston” she’ri garchi atoqli adib, jadid bobomiz Abdulla Qodiriyga bag‘ishlangan bo‘lsa-da, unda Vatan taqdiri, uning boshiga tushgan qora kunlar g‘oyat ta’sirchan tarzda, go‘zal badiiyat bilan ifoda etilgan. Jurnal sahifasida e’lon qilingan iztiroblarga limmo-lim bo‘lgan ushbu she’r ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otadi.
Ona-O‘zbekistonimizning tabiat manzaralarini chizishda O‘zbekiston xalq rassomi, mohir ijodkor O‘rol Tansiqboyevga hali-hanuz yetadigan musavvir yo‘q, desak yurtimizning manaman degan mo‘yqalam ustalari xafa bo‘lmasliklari aniq. San’atshunos Farida Maxsumovaning “O‘rol Tansiqboyev: Vatan manzaralari” nomli maqolasi ustoz musavvirning hayoti, ijod yo‘li, uning asarlari bilan bafurja tanishish imkonini beradi. Ayni paytda jurnalda O‘rol og‘aning bir qator kartinalari, uning hayotiga oid fotosuratlar mushtariylar e’tiboriga havola etilgan.
Mustaqillik odami. U qanday sifat va fazilatlarga, hayotiy maqsadlarga ega bo‘lmog‘i kerak? O‘z so‘ziga, o‘z qarashlari, qat’iy fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lgan ustoz jurnalist, O‘zbekiston jurnalistlari uyushmasi Jamoatchilik kengashi raisi Karim Bahriyevning “Mustaqillik odami” sarlavhali maqolasida muallifning bu boradagi qarashlari aks etadi.
Keyingi vaqtlarda dunyo xalqlari orasida “o‘zbek futboli”, “o‘zbek kurashi”, “o‘zbek shaxmati”, “o‘zbek yoshlari”, “o‘zbek musiqasi”, “o‘zbek mato va kiyimlari”, “o‘zbek migranti”, “o‘zbek taomlari” kabi iboralar mashhur bo‘lib bormoqda. Xo‘sh, qanday etnomadaniy andozalar o‘zbeklarni dunyoga mashhur qilayotir? Millat nomi bilan bog‘liq “o‘zbek” degan tushuncha nimani anglatadi? Ushbu atamaning o‘zagi milliy kodlarimizga asoslangan qadriyatlarmi? Yoki bu taraqqiyotimizga to‘siq bo‘layotgan muammolarmi?
Tarix fanlari doktori, professor Adhamjon Ashirovning “O‘zbekchilik: Milliy iftixormi yoki taraqqiyotga to‘siq?” nomli maqolasida ushbu savollarga batafsil javob topish imkoni bor.
Tarixchi olim, bloger, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi katta ilmiy xodimi, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Eldor Asanovning tarix, qadimshunoslik, madaniy meros, etnografiya, tilshunoslikka oid fikrlari yurtimiz jamoatchiligi, yoshlar tomonidan doim katta qiziqish bilan kutib olinadi. Tadqiqotchining “Rus tilining ta’siri o‘zbek tilining madaniy zaxirasimi yoki kolonial xotira?” sarlavhali maqolasi chuqur ilmiy tahlili, xalqchilligi, samimiyati bilan ko‘pchilikning e’tiborini tortishi shubhasiz.
Axborotlar oqimi insonni chirmovuqdek o‘rab tashlagan bugungi kunda haqiqat va uning chegarasi qayerda, qay bir xabar targ‘ibotu, qaysi biri shov-shuv yoki manipulyatsiyaga asoslanganini ajratish oson emas. Taniqli shoir va siyosatshunos olim Faxriddin Nizomovning “Posthaqiqat: voqelikni siyosatga bo‘ysindirish strategiyasi” nomli tahliliy maqolasi ushbu mavzu yuzasidan keng va chuqur mushohadaga, ziyraklikka chorlashi bilan ahamiyatlidir.
“Vatan” jurnalida xorijlik olimlarning ham dolzarb maqolalarini berib borish yaxshi an’anaga aylangan. Fransuz olimi Benjamin Kuenuning “Madaniy ayirboshlash va ma’muriy nazorat” nomli maqolasi asarlarning badiiy tarjimasi, ularga o‘ziga xos yondashuvlar tahliliga bag‘ishlangani bilan qiziqarlidir.
Shuningdek, “Markaziy Osiyoning bugungi tarixshunosligi”, “Sovet teleologiyalaridan xoli fikrlash: Markaziy Osiyo tarixini o‘rganish istiqbollari”, “MIF. Unutilgan afsonalar”, “Arab xalifasi nega turklarning do‘ppisini kiygan?, “Bobur Mirzo yorlig‘ining sirli safari”, “Odam bo‘rimi yoki qo‘y?” sarlavhali va boshqa maqolalar o‘quvchilar tafakkurini kengaytirishga xizmat qilishi aniq.
Bir so‘z bilan aytganda, “Vatan” jurnalining ushbu nomeri ham juda qiziqarli, foydali, mazmunli, pishiq va mukammal maqolalarga boyligi bilan diqqatga sazovor.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri