Shu kunlarda mamlakatimiz bo‘ylab atoqli ijodkor, O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tavalludining 71 yilligi keng nishonlanmoqda.
Poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonida xalqimizning suyukli shoiri tavallud topgan kun munosabati bilan adabiy-ma’rifiy anjuman tashkil etildi.
Tadbirda mamlakatimizda keyingi yillarda xalqimiz qalbidan chuqur o‘rin olgan shoir Muhammad Yusuf xotirasiga hurmat va e’zoz ko‘rsatish borasidagi amaliy ishlar yangicha ma’no-mazmun bilan boyigani ta’kidlandi.
Muhammad Yusuf she’rlari Vatan, istiqlol, xalqimiz, ona-tabiatga cheksiz mehr-muhabbatga limmo-lim ekani bilan g‘oyat qadrli. Sodda, samimiy, dilkash bu she’riyat har bir kitobxonning qalbidan qaynab chiqqan iztiroblarni, eng pokiza va beg‘ubor tuyg‘ularni ifoda etgani bilan ahamiyatli.
– Adiblar xiyoboni millatning ori, g‘ururini ko‘taradigan, sha’nini yuksaltiradigan, ulug‘ zotlarning ruhlari kezib yuradigan tabarruk maskanga aylandi, - dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari G‘ayrat Majid. – Navoiy bobomizning haykallariga shunchaki borib bo‘lmaydi. Ul siymoning ijod namunalaridan yod olib borish maqsadga muvofiq bo‘lgani kabi, Muhammad Yusuf haykali poyiga ham uning Vatan, hurriyat, xalqimizni ardoqlovchi she’rlarini yod olib kelish yoshlarning burchidir. Zero, uning she’rlari ona-diyorimizga bo‘lgan muhabbatni yanada yuksaltiradi.
– Darhaqiqat, keyingi yillarda shoir ijodini o‘rganishga oid ishlar hajmi yanada ortdi, - dedi Muhammad Yusufning umr yo‘ldoshi Nazira As-Salom. – 2001 yildan buyon mamlakatimizda, ayniqsa, Andijonda aprel oyida katta she’riyat sayli bo‘lib o‘tadi.
Poytaxtimizdagi ushbu so‘lim maskanda shoirning siymosi aks etgan haykal qad rostladi. Bu yer endi she’riyat muxlislari uchun shoirni yodga oladigan mo‘’tabar go‘shaga aylandi. Oliy o‘quv dargohlari, xususan, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida shoir ijodini o‘rganish, targ‘ib etish borasida ham ko‘plab ibratli ishlar olib borilmoqda. Ilg‘or talabalar uchun Muhammad Yusuf nomidagi maxsus stipendiya joriy etildi. Bularning barchasi shoir xotirasiga ko‘rsatilayotgan ulkan e’tiborning namunasidir.
Adabiy tadbirda mazkur oliy o‘quv dargohining bir guruh pedagoglari va faol talabalari maxsus ko‘krak nishon bilan taqdirlandi.
Tadbirda talaba-yoshlar tomonidan “Muhammad Yusuf – Vatan kuychisi” deb nomlangan adabiy-musiqiy kompozitsiya namoyish etildi.
Anjuman ishtirokchilari shoir haykali poyiga gullar qo‘ydilar. Shu kuni Adiblar xiyobonida Muhammad Yusuf ijodiga bag‘ishlangan bir qator mushoiralar, adabiy tadbirlar o‘tkazildi.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri