Vatan ichra “vatanlik” bo‘lish baxti
O‘sha 462 nafar baxtli xonadon orasida Bekenovlar oilasi ham bor.
Bugun Bekenovlar xonadonida qo‘shaloq bayram. 14 yanvar – Vatan himoyachilar kuni arafasida poytaxtimizning Yashnobod tumani Olmos mahallasida harbiy xizmatchilar uchun 462 xonadonli 11 ta ko‘p qavatli uy foydalanishga topshirildi. O‘sha 462 nafar baxtli xonadon orasida Bekenovlar oilasi ham bor.
– O‘z uyiga ega bo‘lish baxti insonga o‘zgacha ruhiyat baxsh etadi, – dedi harbiy shifokor Abdulhakim Bekenov. – 2020 yil boshida zamonaviy loyihalar asosida qurilgan uylardan biri bizga topshirilishi haqidagi xabarni eshitib oilaviy xursand bo‘lgan edik. Shu sohada 23 yillik faoliyatim davomida viloyatlarda ishlashga to‘g‘ri keldi. O‘z uyimiz bo‘lmagani, ijarama-ijara ko‘chib yurish ochig‘i menga erish tuyulardi. Ikki farzandim va oilam oldida o‘zimni noqulay his qilardim. To‘g‘ri shu paytgacha ham davlat bizni boshpanasiz qo‘ymagan. Ammo o‘z uying bo‘lishi quvonchli ekan.
– 2019 yil oilamiz uchun omadli yil bo‘lgan edi, –dedi vrach-ginekolog Malika Bekenova. – O‘g‘lim Komiljon Abdulhakimov Ichki ishlar akademiyasini tamomladi. Hozirda Toshkent shahar Olmazor tumani ichki ishlar bo‘limida kichik tergovchi lavozimida ishlab kelyapti. Qizim Munira Abdulhakimova harbiy xizmatchilar oilasiga berilgan imkoniyatdan foydalanib Toshkent davlat stomatologiya institutiga imtiyozli ravishda o‘qishga kirdi. 2020 yildan esa hayotimizda yorug‘ kunlar boshlandi. Endi o‘z uyimizda to‘ylar, tadbirlar qilamiz. Bu jamiyatning bir baxtli onasi sifatida meni xursand qiladi.
Zamonaviy loyihalar asosida qurilgan ushbu turar joylar xonalari yorug‘ va qulay. Oshxona va yuvinish xonalari devorlariga alohida ishlov berilgan, Mehmonxona keng bo‘lib o‘zbek xalqining bag‘rikengligiga ishora. Uzun yo‘lak oshxona, yotoqxona va mehmonxonaga olib boradi. Har bir bino oldida bolalar uchun o‘yingohlar va manzarali yashil maydonchalar o‘rnatilgan. Sohadagi ushbu rag‘bat kishini kasbini sevishga, sidqidildan mehnat qilishga undaydi.