Vatan himoyachilariga bag‘ishlangan filmlar taqdimoti
14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyida bir nechta badiiy va hujjatli filmlarning premeralari bo‘lib o‘tdi.
Tinchligimiz va osoyishtaligimiz posbonlariga bag‘ishlangan bir qator yangi filmlar tomoshabinlarda katta taassurot uyg‘otdi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, mamlakatimizda Milliy armiyamizni isloh etish, yoshlarni Vatanga sodiq insonlar etib kamolga yetkazish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi xodimlari faoliyatiga bag‘ishlangan “Adolat“ badiiy filmi, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Harbiy aviatsiya instituti faoliyatiga oid “Yangi O‘zbekiston lochinlari“ hujjatli filmi, Qurolli kuchlar Akademiyasi faoliyati haqida hikoya qiluvchi “Ulug‘vor qalb bilan qutlug‘ saflarga“ hujjatli filmi, Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti faoliyati aks ettirilgan “Zamonaviy harbiy instituti“ hujjatli filmi tomoshabinlarga manzur bo‘ldi.


N.Usmonova, O‘zA