Vatan himoyachilari kuni keng nishonlanmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 32 yilligi va Vatan himoyachilari kuni barcha hududlarda bo‘lgani kabi Sirdaryoda ham o‘zgacha ruhda nishonlanmoqda. Bugun erta tongdan viloyat markazidagi Xotira xiyoboni har qachongidanda gavjum bo‘ldi.
Viloyat hokimi Akmaljon Mahmudaliyev, sektorlar rahbarlari, harbiylar, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, keng jamoatchilik vakillari ishtirokida “Motamsaro ona" haykali poyiga gulchambarlar qo‘yilib, yurt tinchligi, sarhadlarimiz daxlsizligi yo‘lida jonini fido qilganlar ruhiga hurmat bajo keltirildi.
Viloyat musiqali drama teatrida bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda so‘z olgan viloyat rahbari yig‘ilganlarni bayram bilan muborakbod etdi. Bugungi globallashuv jarayonlari hamda odamlar, ayniqsa, yosh avlodning qalbi va ongi uchun kurash kuchayib borayotgan hozirgi o‘ta murakkab sharoitda harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyaning o‘rni va ahamiyati tobora ortib borayotgani alohida ta’kidlandi.
Sharafli burchini a’lo darajada ado etib, namuna ko‘rsatayotgan bir guruh harbiy xizmatchilar qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Kuy-qo‘shiqlar yangrab, jonajon O‘zbekistonimiz, xotirjam, osuda kunlar, milliy armiya va harbiylarimiz madh etildi. Tadbir "Zomin" tantanalar uyida yozilgan bayramona dasturxon atrofida davom etdi.
[gallery-15467]
Sh.Suyarov, Sh.Ortiqboyev,(surat), O‘zA muxbirlari