Vatan fidoyi farzandlarini unutmaydi
Inson aziz, xotira esa muqaddas. bugungi tinch va xotirjam kunlarga munosib hissa qo‘shgan yurtdoshlarimizni e’zozlash, ularga hurmat ko‘rsatish va qadrlash, shu bilan birga Vatan tinchligi, xalq farovonligi yo‘lida halok bo‘lganlarning xotirasini abadiylashtirish burchimizdir.
Sirdaryo viloyati, Sardoba qishlog‘ida texnogen talofatni bartaraf etish paytida Milliy Gvardiya xizmatchisi, "Jasorat” medali sohibi, nurotalik Hazrat Suyunov o‘z xizmat burchini bajarish paytida halok bo‘lgan edi.



Yurt posbonining nomini abadiylashtirish maqsadida Navoiy viloyati Nurota tumani, Chashma qishlog‘ida joylashgan 10-sonli umumta’lim maktabida qahramon yigit sharafiga uning byusti o‘rnatildi.
Marosimda viloyat hokimi Q.Tursunov, Navoiy viloyati bo‘yicha Milliy gvardiya boshqarma boshlig‘i polkovnik B.Usmonov, viloyat va tuman mutassaddi korxona, tashkilot rahbarlari, marhumning oila a’zolari hamda harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.



Harbiylar va tadbir ishtirokchilari tomonidan marhum byustiga gulchambarlar qo‘yilib, hurmat bajo keltirildi.
Maktab hovlisida harbiy xizmatchilarning jangovor ko‘rgazmali chiqishlari tashkil etildi va marhum xotirasiga she’rlar aytildi, marhumning ezgu fazilatlari yodga olindi.
Abduvli Bo‘riyev, O‘zA