Vatan fidoiylari unutilmaydi!
Munosabat
Mustaqillik yillarida Vatanimizning milliy istiqloli, xalqimiz ozodligi uchun kurashib, jon fido etgan, siyosiy qatag‘on qurbonlari bo‘lgan yurtdoshlarimizning hayoti va faoliyatini o‘rganish va tadqiq etish, ularning nomlari va xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

2021-2024 yillar davomida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan 1 ming 200 dan ziyod siyosiy qatag‘on qurbonlarining nomlari oqlandi. Hududlarda Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeylari tashkil etildi. Ularga tashrif buyurgan aholi, yosh avlod vakillari, xorijiy mamlakatlardan tashrif buyurgan fuqarolar vatanimiz tarixining og‘riqli, qonli kunlarini va jadid bobolarimizning Vatan ozodligi yo‘lidagi shonli kurashlari, ular g‘oyalar hamon yashayotganligi va bugungi avlod tomonidan amalga oshirilayotganligi xususida bilimlar va xulosalar olmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 19 iyuldagi “Siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgan yurtdoshlarimiz hayoti va faoliyatini o‘rganish, targ‘ib etish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlarni kengaytirish to‘g‘risida” qarori tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi. Qaror mazmunida hozirgi murakkab va tahlikali davrda mustaqilligimizni har tomonlama mustahkamlash, tariximizning noma’lum sahifalarini tiklash va ilmiy tomondan chuqur o‘rganish, inson, uning huquq va erkinliklarini oliy qadriyat sifatida e’tirof etish, shu asosda yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yosh avlodning Vatan taqdiri va kelajagira daxldorlik tuyg‘usi, fuqarolik pozitsiyasini kuchaytirish, ularni bugungi tinch, erkin va ozod hayotning qadriga yetish ruhida tarbiyalash maqsad qilib qo‘yilgan.

Qarorga ko‘ra, har yili oktyabr oyining birinchi haftasi mamlakatimizda Siyosiy qatag‘on qurbonlarini yod etish haftaligi sifatida nishonlash belgilab qo‘yildi. Shuningdek, xalqimizning mustaqillikka erishish yo‘lidagi ko‘p asrlik mardona kurashi, bu yo‘lda siyosiy qatag‘onga uchragan yurtdoshlarimizning hayoti va faoliyati hamda ularning xotirasiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari, davra suhbatlari, ta’lim muassasalari va mahallalarda uch avlod uchrashuvlarini o‘tkazish kabi vazifalar belgilangan.
Shuningdek, Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi va uning hududlardagi bo‘limlari fondlarini muntazam boyitib borish, ularda yangi ekspozitsiya va ko‘rgazmalar tashkil etish hamda bu borada zamonaviy raqamli texnologiyalar va multimedia vositalaridan keng foydalanishni yo‘lga qo‘yish va boshqa muhim vazifalar ham belgilandi. Shu bilan birga, spektakllar, badiiy va hujjatli filmlar yaratish, audiovizual mahsulotlar tayyorlab, ularni internet tarmog‘ida ommalashtirish, shuningdek, foydalanuvchilar o‘rtasida turli tanlov, musobaqa va aksiyalar o‘tkazish nazarda tutilgani quvonarlidir.

Bu borada Urganch Davlat universiteti tuzilmasidagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi 2018 yil 31 avgust “Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni”dan o‘z faoliyatini boshlagan. Muzey tashkil qilinganidan buyon sayyoh, mehmonlar, maktab o‘quvchilari va talabalari, keng jamoatchilik vakillarining sevimli maskaniga aylanib, 46 mingdan ziyod kishilar tashrif buyurdi. Xorijiy va mahalliy mehmonlarga Vatanimiz tarixining shonli va qayg‘uli sahifalari, jadid bobolarimizning hur Turkiston orzusi yo‘lidagi kurashlari targ‘ib etildi.
Muzeyda oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda ochiq darslar, ma’ruza va seminar mashg‘ulotlari, talabalarning malakaviy amaliyot o‘tashini ta’minlash ishlari uzluksiz davom etib, muzeyning ilmiy bazasidan foydalangan holda yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga ko‘maklashish ishlari amalga oshirib kelinmoqda. Qatag‘on qurbonlari xotirasini abadiylashtirish maqsadida Respublika muassasalari va Xorazm viloyatidagi ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalari hamda jamoat tashkilotlari bilan birgalikda ekskursiyalar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, ilmiy-amaliy anjumanlar o‘tkazildi va ko‘rgazmalar tashkil qilindi.

Hozirda, Xorazm viloyatidan qatag‘on qurbonlarining soni 4000 nafarga yaqini aniqlandi. Toshkent shahridagi Shahidlar xotirasi xiyoboniga o‘rnatiladigan Ramziy kitobga xorazmliklarning ism-shariflari kiritildi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan hamkorlikda siyosiy qatag‘onlar qurboni bo‘lgan huquq tartibot xodimlarini aniqlash, ularning pok xotiralarini tiklash bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borildi va izlanishlar natijasida “Tarixiy xotira beqiyos” nomli ikki jildli kitob nashr etildi.
Mazkur qaror tarixiy ahamiyatga ega bo‘lib, mustabid tuzum davrida qatag‘on qurboni bo‘lgan begunoh vatandoshlarimizning pok xotiralarini oqlashga xizmat qiladi. Jamiyat a’zolari, yosh avlodni tarixdan saboq olishga, Vatan mustaqilligini ko‘z qorachig‘iday asrash, egalik qilish ulkan baxtligini anglashga undaydi.
Yulduzxon Rahmonova,
Urganch Davlat universiteti tuzilmasidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi direktori, tarix fanlari nomzodi, dotsent.