Vatan bayrog‘i – hurlik timsoli
Davlat ramzlari har bir xalqning mustaqilligi, ozodligi, tinchligi va barqarorligi timsoli hisoblanadi. Davlatchiligimiz tarixining qaysi davrini olmaylik, bayroq ajdodlarimiz uchun ozodlik, kuch-qudrat, jasorat, g‘alaba timsoli bo‘lgan.
O‘zbekiston Respublikasi bayrog‘i – Vatanimiz timsoli. Uni ko‘rganda, har bir yurtdoshimizning qalbida g‘urur, umid va ishonch uyg‘onadi.
1991 yil 18 noyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, Davlat bayrog‘i – O‘zbekiston Respublikasi davlat suverenitetining ramzidir. Davlat bayrog‘i xalqaro munosabatlarda O‘zbekiston Respublikasining timsolidir.

Davlat bayrog‘i qabul qilinganining 34 yilligi munosabati bilan Majburiy ijro byurosi (MIB) tizimlarida tadbirlar tashkil etilmoqda.
MIB Uchtepa tumani bo‘limi tomonidan sana munosabati bilan bilim dargohlarida ochiq darslar tashkil etildi. Jumladan, tumandagi 238-sonli maktabda “Bir el, bir Vatan, bir bayroq” shiori ostida o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi qonuni bilan tasdiqlangan o‘z davlat ramzlari – bayrog‘i, gerbi va madhiyasiga ega ekani ta’kidlandi.

Davlat ramzlari har bir xalqning mustaqilligi, ozodligi, tinchligi va barqarorligi timsoli hisoblanishi, dunyoda birorta ramz yoki timsol davlatni, millatni jahonga davlat bayrog‘idek tanita olmasligi qayd etildi.
MIBning Navoiy viloyati boshqarmasida ham “Bir el, bir Vatan, bir bayroq” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Unda bayrog‘imizning tarixi, uning ramziy ma’nosi hamda bugungi kundagi ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tildi. Bayroq barcha davlat idoralari, ta’lim muassasalari, xalqaro tashkilotlardagi vakilliklar hamda sport maydonlarida hilpirab yurtimiz sharafini, xalqimizning g‘ururini namoyon etmoqda.
MIBning Xorazm viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tadbirda Davlat bayrog‘i – milliy iftixor va mustaqillik ramzi ekani e’tirof etildi.
Davlat bayrog‘ining muqaddasligiga bag‘ishlangan tabriklar hamda maxsus videoroliklar namoyish etildi. Unda ham bayrog‘imizning milliy g‘urur, mustaqillik va birdamlik timsoli ekani ta’kidlab o‘tildi.
Umumta’lim maktablarida o‘quvchilarga bayrog‘imiz shunchaki ramz emas, balki yurtimiz suvereniteti, millat g‘ururi va Vatan sha’nining ifodasi ekanligi hamda bayroq ostida xizmat qilish – bu sharaf va yuksak mas’uliyat ekanligi tushuntirildi.
MIBning Buxoro viloyati boshqarmasida o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirda qayd etilganidek, bayrog‘imiz turli bayram va tantanalarda, xalqaro tadbirlarda, sport musobaqalarida hilpirab, Vatanimizning sha’ni, xalqimizning g‘ururini yorqin aks ettiradi. Bu barchamizga katta iftixor baxsh etadi.
N.Abduraimova, O‘zA